Jahon | 10:02 / 24.12.2016
32026
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh “Rossiyani bosib turish”ga 4,3 milliard dollar ajratadi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Barak Obama juma kuni mamlakatning 2017-moliya yili uchun harbiy byudjyeti qonunini imzoladi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Bayonotda ta'kidlanishicha, ushbu hujjat “birinchi navbatda mudofaa vazirligi dasturi va harbiy qurilish bilan bog‘liq loyihalar bo‘yicha sarf-xarajatlarni nazarda tutadi. Shuningdek, energetika vazirligining milliy xavfsizlikni ta'minlash bilan bog‘liq loyihalarini ham o‘z ichiga qamrab olgan”.

Byudjyetda 4,3 milliard dollar “Rossiyani bosib turish” uchun ajratildi. Shu bilan bir qatorda, Pentagonga Ukraina mojarosi hal etilmagunga qadar Moskva bilan hamkorlik uchun mablag‘larni ishlatish taqiqlandi. Shuningdek, Rossiyaning Qrim ustidan boshqaruvini tan oluvchi barcha ko‘rinishdagi harakatlar ham man etildi.

Qabul qilingan qonun prezidentga inson huquqlari va korrupsiya bilan bog‘liq istalgan davlat fuqarolariga nisbatan sanksiya kiritish imkonini beradi. Qo‘shma Shtatlardagi mol-mulki ham musodara etiladi. 

Bundan tashqari, hujjat Suriyadagi muxolifatga qurollar, xususan zenit-raketa majmualarini yetkazib berishni ham ko‘zda tutgan. Harbiy byudjyetda Ukrainaga 350 million dollar miqdorida yordam berish ham belgilandi.

Mamlakatning mudofaa sohasiga sarf-xarajatlari NATOni Sharqiy Yevropada qo‘llab-quvvatlash va Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni o‘tkazishni ma'qullashga ham mo‘ljallangan.

Shuningdek, tasdiqlangan xarajatlar raketaga qarshi mudofaa global tizimini ham nazarda tutgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid