O‘zbekiston | 19:32 / 24.12.2016
29666
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari Samarqandda muzokaralar o‘tkazishdi

Foto: Prezident.uz

Avval xabar berganimizdek, Qirg‘iz Respublikasi Davlat rahbari Almazbek Atamboyev amaliy tashrif O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. U tashrifini bevosita Samarqanddan shahridan boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur'on tilovat qilindi.

Foto: Prezident.uz
Foto: Prezident.kg
Foto: Prezident.kg
Foto: Prezident.kg

So‘ngra, Prezidentlar "JV MAN Auto-Uzbekistan" O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdilar.

Oliy martabali mehmon qo‘shma korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti zamonaviy standartlarga muvofiq eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan va mamlakatimiz avtomobil sanoatining muvaffaqiyatini namoyon etadigan ushbu korxona faoliyatini yuqori baholadi.

Foto: Prezident.uz

Oliy martabali mehmon zavod hududida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy yengil avtomobillar, yuk mashinalari, traktor va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi.

Forumlar majmuasi saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyevga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya bildirgani uchun minnatdorlik izhor etdi. Islom Karimovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi ekani ta'kidlandi.

Foto: Prezident.uz

Almazbek Atamboyevning tashrifi Qirg‘iziston hukumatining O‘zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirishga muhim ahamiyat berayotganidan dalolat ekani qayd etildi.

Qirg‘iziston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi.

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Tomonlar ekstremizm va diniy aqidaparastlik mintaqamiz barqarorligiga xavf solayotganiga e'tibor qaratdilar. Bunday xavf-xatarlarga qarshi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini ta'kidladilar. 

Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning muhim sohasi hisoblanadi. Ushbu masalalar muhokamasida 2016 yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o‘sganiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich yetarli darajada emasligi va ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etildi.

Prezidentlar ikki yil davomida tovarlar turini tubdan kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 500 million dollargacha ko‘paytirish choralarini ko‘rish zarurligini ta'kidladilar.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun Qirg‘izistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslarni tizimli asosda yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, qirg‘izistonlik sheriklarga azot, fosfor, kaliy va murakkab kompleks o‘g‘itlar, elektrotexnika mahsulotlari – transformatorlar, barcha turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, maishiy texnika, shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, preparatlar, mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari va boshqa sanoat mahsulotlari yetkazib berish taklif etildi.

Qirg‘iziston tomoni, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan tovarlar turini qayta ko‘rib chiqishi ta'kidlandi.

Foto: Prezident.uz

Shu maqsadda ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

Mintaqada samarali transport yo‘llarini rivojlantirish iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishi hisoblanadi. Masalan, Markaziy Osiyoni Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy bilan bog‘laydigan qisqa temir yo‘l nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning tranzit salohiyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mutaxassislari Qirg‘iziston hududida bunday yo‘nalishni loyihalashtirish va qurishda ishtirok etishiga tayyor ekanini ta'kidladi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik o‘zaro munosabatlarning muhim sohalaridan biridir.

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishiga ishonch bildirdilar.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekiston Respublikasiga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Mavzuga oid