Jamiyat | 12:34 / 26.12.2016
8321
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Mao Tszedunning 123 yilligi nishonlanmoqda

Foto: ria.ru

Xitoyda, mamlakatdagi "madaniy inqilob" davrida Mao Tszedun sharafiga barpo etilgan 180 ga yaqin yodgorlik aniqlandi. Bu yodgorliklar Xitoy Kommunistik partiyasi dohiysining tavalludiga 123 yil bo‘lishi munosabati bilan hisoblab chiqilgan, deb yozmoqda Global Times nashri.

26 dekabrda Mao Tszedun tavalludiga 123 yil to‘ladi. Mamlakatning ko‘plab fuqarolari uning xotirasini yodga olish uchun yodgorliklarni ziyorat qiladi. Ularning aksariyati keksa yoshli kishilardir. Mahalliy OAV yozishicha, shu munosabat bilan o‘n minglab xitoyliklar Maoning vatani –Xunan viloyatidagi Shaoshan qishlog‘iga yo‘l olishgan. 

1967 yili Tsinxua universitetidagi xunveybinlar Mao Tszedunga ulkan haykal o‘rnatishgan, shundan so‘ng, mamlakat bo‘ylab ommaviy ravishda Mao haykallarini ishlab chiqarish boshlangan edi. O‘sha vaqtda bu borada maxsus stantdart joriy qilingan bo‘lib, haykal balandligi 7,1 metrni (Xitoy kompartiyasi tashkil etilgan sana – 1921 yil 1 iyul), umumiy balanligi 12,26 metrni (Mao tug‘ilgan oy va kun) tashkil etishi hamda o‘ng qo‘lini ko‘tarib turgan yoki ikki qo‘liga ortida bo‘lgan shaklda aks ettirilishi lozim edi. 

Bu talvasa 1969 yil iyun oyida barham topa boshladi. O‘shanda, Moa obrazini ko‘klarga ko‘tarishga barham berish ko‘rsatmasi berilgan edi, deb yozadi Global Times. O‘sha vaqtdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1967-1969 yillarda Xitoy bo‘ylab 2 mingdan ortiq Mao Tszedun haykali o‘rnatilgan. 

1980 yilda Xitoy rahbariyati shaxsga sig‘inish bo‘yicha ko‘rsatmani e'lon qildi. Shundan beri, ko‘plab yodgorliklar olib tashlandi, shu jumladan, Tsinxua Universiteti kampusidagi ham. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Xitoyda Mao Tszedunga bag‘ishlab o‘rnatilgan 180ta yodgorlik saqlanib qolgan. Ularning ayrimlari madaniy yodgorlik sifatida e'tirof etilgan. 

1993 yili dohiy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan mamlakatda yana Mao haykalchiligi avj ola boshladi. Ammo, endi bu haykallar pul topish manbasiga aylangan edi. Nashrning yozishicha, Mao haykallariga munosabatning o‘zgarishidan ham Xitoy jamiyatidagi jarayonlarni bilib olsa bo‘ladi. 

2008 yilda Chuntsin Tibbiyot universitetida Maoning 37,4 metrlik 46 tonna keladigan ulkan haykali o‘rnatildi, deb yozadi gazeta. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, bu Xitoydagi eng yirik yodgorlik bo‘lib, uning qiymati 5 million yuan (720 ming dollar)ga baholangan.

Shunga qaramay, hozirgi vaqtda Mao haykallari Xitoyning atigi bir nechta universitetlarida saqlanib qolgan. Biroq, uning ta'limotlari Xitoy o‘quv yurtlarida majburiy fanlar hisoblanadi. 

 

Mavzuga oid