Jahon | 18:54 / 29.12.2016
26849
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada vaziyat yumshamoqda: Tomonlar kelishuvga erishdi

Foto: EPA/SANA

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xabar qilishicha, Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish va tinch muzokaralarni boshlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Unga ko‘ra, uch hujjat imzolandi. Birinchisi – Suriya hukumati va qurollangan muxolifat o‘rtasida Suriya Arab respublikasi hududida o‘t ochishni to‘xtatish haqida. Ikkinchi hujjat – bu o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi. Uchinchi hujjat – Suriyadagi vaziyat yuzasidan tinch muzokaralarni boshlashga rozilik haqidagi bayonotdir.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar Rossiyaning mintaqadagi sheriklari – Turkiya va Eron bilan o‘zaro hamkorlikdagi ishlarining natijasidir. 

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 30 dekabr tungi soat 00.00dan kiritilishini tasdiqladi.

Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzolagan otryadlar taxminan 60 ming kishidan iborat. Vazirning ma'lum qilishicha, mahkama Turkiya ko‘magida suriya muxolifati tuzilmalari yetakchilari bilan ikki oy mobaynida muzokaralar olib borgan. Bu tuzilmalar Suriya markaziy va shimoliy qismlaridagi katta hududlarni nazorat qiladi hamda Damashqqa bosh egmaydi. 

Shoygu, muzokaralarda yettita muxolif tuzilmasining eng nufuzli qo‘mondonlari ishtirok etganini aytdi.

“Jangovar harakatlarni to‘xtatmaydiganlar terrorchilik tashkilotlari deb tan olinadi. Ularga xuddi IShID va “Jabhat an-Nusra”ga kabi kurash olib boriladi”, - ta'kidlab o‘tdi u.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi esa Anqara va Moskva Suriyadagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilishda o‘ziga xos kafillikni olganini tasdiqladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bergan.

Turk mahkamasining ta'kidlashicha, kelishuv BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terroristik deb tan olingan guruhlarning barchasini qamrab olmaydi.

“Bu kelishuvga ko‘ra, tomonlar barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishga va o‘z nazoratida bo‘lgan hududlarni kengaytirmaslikka kelishib olishdi”, - deya mahkama bayonotidan iqtibos keltiradi agentlik.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid