Jahon | 18:40 / 30.12.2016
14895
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar 2016 yilni bir soniyaga uzaytirishmoqchi

Foto: Fotolia

Yer aylanishi Xalqaro xizmati mutaxassislari (IERS) 2016 yil 31 dekabrining so‘nggi daqiqasiga qo‘shimcha soniya qo‘shishadi. Bu haqda xizmat o‘zining rasmiy saytida xabar bergan.

Muvofiqlashtiruvchi soniya UTC (butunjahon vaqtni muvofiqlashtirish) vaqtini o‘zaro moslash uchun kiritilmoqda. Yer aylanishi tezligining sekinlashishi sabab umumiy qabul qilingan standartdagi sutkalar davomiyligi va quyoshli sutkalarning haqiqiy davomiyligi ortib bormoqda.

"Ijobiy muvofiqlashtiruvchi soniya 2016 yil dekabri oxirida kiritiladi. UTC bo‘yicha soniyalardagi sanalar ketma-ketligi quyidagicha ko‘rinish oladi: 31 dekabr 2016, 23.59.59; 31 dekabr 2016, 23.59.60; 1 yanvar 2017, 0.00.00", - deyiladi IERS xabarida.

Bunday soniyalar dekabr yoki iyun oxirida kiritilishi mumkin. Xizmat har yarim yilda qaror qabul qilib, bu haqdagi ma'lumotni o‘z saytida chop etadi.

Olimlar so‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida har yilga bir soniyadan qo‘shib borishmoqda. Ularning taxminicha, Yer aylanishi tezligi o‘zgarishsiz qolsa, har yili qo‘shib boriluvchi soniyalar miqdori ham oshib boradi. Masalan, XXII asrda har bir yilga bir emas, balki ikki soniya qo‘shiladi.

Mavzuga oid