Jamiyat | 13:23 / 07.01.2017
28429
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ayol hali-hanuz farzandi bilan ko‘risha olmayapti

Foto: Facebook/bakhrom.ismailov

"Kuntsevo" IIB xodimlari o‘zbekistonlik Nilufar Mamasaidovadan 1 yoshli qizini tortib olishgani haqida xabar berilgan edi. Qizcha mana 12 kundirki, Moskvadagi 1-sonli shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limida bo‘lib, ona parvarishiga muhtoj. Bu haqida Nilufarning advokati Bahrom Ismoilov ma'lum qildi. 

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari qizchani qarovsiz qolgan bola sifatida qayd etishgan va shunga doir hujjat tuzishgan hamda shu hujjat asosida bolani shifokorlar qo‘liga topshirishgan.  

Dastlab shifokorlar Nilufarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan kelgan taqdirda, bolasi bilan ko‘rishishi mumkinligini aytishgan. U O‘zbekiston elchixonasi tomonidan berilgan ma'lumotnoma bilan shifoxonaga kelgan, biroq shifokorlar baribir onaga bolani  ko‘rsatishmagan. 

"Bolani qaytarish va u bilan muloqot qilishga qarshilik qilishdi, zero hujjatlarda bolaning go‘yoki qarovsizligi tufayli tortib olinganligi qayd etilgan. Ularga ko‘ra, bola ota-onasiz topilgan, bu esa haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydi, chunki O‘zbekiston fuqarosi politsiyaga bola bilan birga kelgan. Shunga qaramay, hujjat yolg‘on ma'lumotlar asosida tuzilgan. Endi esa ayol ushbu hujjatni bekor qilishga erishish uchun vasiylik organlari xulosasini kutishga majbur", - deya izoh beradi Ismoilov Facebook sahifasidagi OAV uchun qoldirgan bayonotida. 

Vaziyat bilan yaqindan tanish bo‘lgan mustaqil jurnalist Sohiba Hayitboyevaning so‘zlariga ko‘ra, qizcha ona parvarishiga muhtoj, chunki Nilufar qizini ona suti bilan boqqan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist bolaning ahvolini bilish maqsadida shifoxonaga shifokor Fotima Bo‘ronova hamrohligida borgan, biroq shifokorlar hatto unga ham bolani ko‘rsatishmagan. Nilufarning turmush o‘rtog‘i Rossiyadan deportatsiya qilinganligi tufayli depressiya holatida ekanligi qayd etilgan. Ayolning o‘zi esa bola bilan ko‘rishish imkonining yo‘qligi sabab doimiy ruhiy bosim ostida. 

"Nahotki, bola kimning farzandi ekanini aniqlash mumkin bo‘lmasa? Nilufar menga telefonida bolaning tug‘ilgan paytidan boshlab, to bugungi kungacha bo‘lgan davrdagi suratlarini ko‘rsatdi. DNK tahlili orqali aniqlash mumkin-ku, axir", - deydi Sohiba Hayitboyeva. 

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bugun Nilufarning advokati shu masalada prokuraturaga murojaat qilib, bolani onasiga qaytarish uchun imkon boricha harakat qiladi. 

Bundan avvval asli andijonlik bo‘lgan Nilufar ikki yildan beri Moskvada yashayotgani va uning farzandi Rossiya hududida tug‘ilgani haqida xabar berilgandi. 2016 yil dekabr oyining oxirida hujjatlar yo‘qolganini bilgan ayol Kuntsevo tumanidagi IIV bo‘limiga shu masala bo‘yicha murojaat qilgan. 

Politsiya xodimlari Nilufar Mamasaidovaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligiga asoslanib, qizchani tortib olishga qaror qilishgan, O‘zbekiston fuqarosining o‘zini esa uch sutkaga tergov izolyatoriga joylashtirishgan. 

Bu ishga huquq himoyachisi Bahrom Ismoilovdan tashqari O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va RF prezidentining bolalar huquqlari bo‘yicha vakolatli xodimi Anna Kuznetsova jalb qilingan. Kuznetsova hozir eng asosiysi - O‘zbekiston fuqarosiga farzandini qaytarish uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini ta'kidlagan. 

Mavzuga oid