Jahon | 11:00 / 10.01.2017
9514
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Trampning kuyovi uning maslahatchisi bo‘ladi

AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner prezidentning katta maslahatchisi bo‘ladi. Biroq Trampning qizi Ivanka Oq uyda ishlamaydi. Bu haqda Reyter agentligi Tramp jamoasining yuqori lavozimli a'zosiga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Xususan, Kushner savdo kelishuvlari va Yaqin Sharq masalalari bilan shug‘ullanadi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Ivanka Tramp otasining kompaniyasidagi rahbarlik lavozimlarini ham tark etadi hamda Vashingtonda uch farzandini tarbiyalash bilan shug‘ullanadi. Saylangan prezidentning qizi, shuningdek, Donald Trampning ko‘plab loyihalarida ishtirok etmaydi va biznesidagi dividendlar o‘rniga cheklangan miqdorda to‘lov olib turadi. 

Jared Kushner ham Kushner Companies kompaniyasi rahbari lavozimidan ketadi. Shu bilan birga, "sezilarli aktivlari" va xorijiy investitsiyalaridan voz kechadi hamda o‘z ixtiyorida saqlab qolayotgan moliyaviy manfaatlariga aloqador ishlarga aralashishdan o‘zini tiyib turadi.

Kushner advokatlarining fikricha, uning Oq uydagi bo‘lg‘usi vazifasi prezidentga o‘z ma'muriyatidagi ayrim lavozimlarga yaqinlarini tayinlashga izn bermaydigan mamlakat qonunchiligini buzmaydi. 

Jared Kushner va Ivanka Tramp Donald Trampga sezilarli ta'sir ko‘rsata oladigan kamsonli kishilar guruhiga kiradi. 

Xabarlarga ko‘ra, 11 yanvar uni Donald Tramp matbuot anjumani tashkil etadi hamda mamlakatni va biznesni boshqarishni qay tarzda taqsimlash masalasiga oydinlik kiritadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid