Jahon | 19:34 / 12.01.2017
6936
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiya IShID terrorchilarini yo‘q qiladi

Biz belgilangan yo‘limizdan qaytmaymiz va kurashni davom ettiramiz, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada mahalliy ma'muriyatlar rahbarlari yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turk xalqi terrorchilik tashkilotlarining asl yuzini ko‘rdi. «Biz Fathulloh Gulenning terrorchilik oqimi bilan kurashni davom ettirmoqdamiz hamda IShID terrorchilarini yo‘q qilamiz», - dedi Erdo‘g‘an.

Uning ta'kidlashicha, Turkiya uning terrorchilik bilan kurashdagi bosh raqiblari terrorchilik tashkilotlarining o‘zi emas, balki ularning ortida turgan kuchlardir. «Biz terrorchilarni yo‘qotmay turib, bu kurashda g‘olib bo‘lishning iloji yo‘qligini yaxshi bilamiz. Aynan shuning uchun Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilarini yo‘q qilish uchun barcha choralarni ko‘rdik», - ta'kidlab o‘tdi prezident.

Davlat rahbari kecha IShID terrorchilari tarkibida bo‘lgan jangarilar, bugun Turkiyaga qarshi PYD va YPG (KIPning Suriyadagi bo‘linmalari) jangarilari niqobi ostida kurash olib borayotganini aytgan.

«Fathulloh Gulenning terrorchilik oqimiga kelsak, unda xiyonatga tayyor bo‘lgan va insoniylik qiyofasidan mahrum shaxslar yig‘ilganini aytish mumkin», - dedi prezident.

«Taxminimcha, Turkiyada 15 iyul kuni yuz bergan harbiy to‘ntarishga urinishga Gulenning terrorchilik oqimi aloqador emasligi haqidagi fikrlar, Anqarada rossiyalik elchi Andrey Karlovning qotilligidan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotdi», - ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

«KIP terrorchilari xalq birdamligi, Vatan, Turk davlatiga qarshi chiqmoqda. Aynan shu maqsad 15 iyul kuni Fathulloh Gulenning terrorchilik oqimi tarafdorlari tomonidan ham ko‘zlangan. IShIDga kelsak, bu terrorchilik tashkiloti boshidan Turkiya va uning xalqiga nisbatan dushman kayfiyatida bo‘lib keldi. IShID terrorchilarining islomga hech qanday aloqasi yo‘q», - davom etdi davlat rahbari.

Prezidentning ta'kidlashicha, Turkiyaga hujumlar iqtisodiy sababga ham ega bo‘lgan. «Bu hammaga ma'lum. Qurollangan terrorchilar va o‘z hisob raqamlarida dollarlarga ega bo‘lgan terrorchilar o‘rtasida qo‘yilgan maqsad borasida hech qanday farq yo‘q. Ularning maqsadi – Turkiyani tiz cho‘ktirish. Ular buning uchun qurol sifatida valyutadan foydalanmoqda», - dedi Erdo‘g‘an.

«Yana bir bor ishbilarmonlarga murojaat qilaman. Sarmoyalar, ishlab chiqarish quvvatlari, yangi ish o‘rinlarini yaratish, to‘xtatilgan obektlarni qo‘llab-quvvatlash, amaldagilari ishini tezlashtirish vaqti keldi. Bugun tavakkal qilmasak, ertaga kech bo‘ladi», - qo‘shimcha qildi prezident.

Turkiya rahbari valyuta bozoridagi milliy valyuta kursi bilan bog‘liq turli nayranglarga ham e'tibor qaratdi.

Prezidentning ta'kidlashicha, bu holat ommaviy ravishda yuz bermoqda. «Fuqarolarni yig‘ib qo‘ygan valyutalarini turk lirasiga alishtirishni davom ettirishga chaqiraman. Xalqni bizning mamlakatga nisbatan chaqiriqlarga qarshi kurash olib borishga chorlayman – xuddi 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinishdagi kabi. Markaziy bank va xususiy banklar moliyaviy nayranglarga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha ishni amalga oshirishlari shart», - dedi Erdo‘g‘an.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid