Jahon | 21:06 / 17.01.2017
10186
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning ketayotgan ma'muriyati Trampni yomonotliq qilishda ayblandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShning ketayotgan ma'muriyatini Donald Tramp AQShning yangi prezidenti etib saylanganining qonuniyligini shubha ostiga qo‘yishda aybladi.  

"AQShda nimani kuzatmoqdamiz? Prezident saylovlari tugagani va u janob Trampning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlanganiga qaramasdan, keskin ichki siyosiy kurashni kuzatmoqdamiz", deb aytdi Putin Moldova prezidenti Igor Dodon bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga bergan intervyusida. 

Putinning fikricha, "bu kurash davomida bir nechta vazifa qo‘yilgan". Ulardan birinchisi "saylangan AQSh prezidentining qonuniyligini shubha ostiga qo‘yish"dan iborat. Putinning aytishicha, AQShning ketayotgan ma'muriyati mamlakat manfaatlariga ziyon yetkazmoqda.

"Buni qilayotgan odamlar istaydilarmi yoki istamaydilarmi, AQShga katta ziyon yetkazmoqdalar. Shunday his borki, ular mashq qilib, Trampga o‘z lavozimini bajarishga kirishishiga yo‘l bermaslik uchun o‘zlarida – Vashingtonda "maydan" uyushtirishga tayyordeklar", deb ta'kidlab o‘tdi Rossiya prezidenti. 

"Yana boshqa bir vazifa – yangi prezidentga u saylov kampaniyasida bergan va'dalarini bajarishida uning oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘yish ", deb xulosa qilmoqda Putin.

"O‘ylab ko‘ring, AQShdagi saylov kampaniyasiga qandaydir xakerlarning aralashishi haqida soxta axborotlar tashlansa, Rossiya-AQSh munosabatlarini yaxshilash uchun qanday qilib nimadir qilish mumkin? Xakerlar, kim bo‘lmasinlar, hech narsani o‘ylab topmaganlar, ular borini yuzaga chiqarganlar ", deb o‘z so‘zlarini yakunladi Putin.

Mavzuga oid