Light | 21:44 / 18.01.2017
69460
7 daqiqa o‘qiladi

Siz introvertmisiz yoki ekstravert?

1921 yilda Karl Gustav Yung psixologik turlar tushunchasini joriy qildi. O‘shandan buyon odamlar o‘zlarini qaysi turga kirishlari borasida ikkilanishadi – introvert yoki ekstravert, olimlar esa qaysi turga kiruvchi odamlarning aqlliroq ekani borasida bosh qotirishadi. "Layfxaker" introversiya va ekstraversiyaga oid bahslarga nuqta qo‘yishga qaror qildi.

 

Introvertlar kimlar?

Introvert — energiyasi ichki olamiga yo‘naltirilgan kishi. U o‘zi bilan o‘zi zerikmaydi. U xotirjam va sermulohaza, detallarga e'tiborli va qarorlarda ehtiyotkordir.

Introvertlar ba'zan ma'yus, kamgap va mutlaqo asotsialdek tasavvur uyg‘otadi. Biroq aslida ular juda yaxshi insonlar. Shunchaki ijtimoiy aloqalar ularning energiyasini tortib oladi.

Introvertning yaqin doirasida - ikki-uch kishigina mavjud. Begonalar bilan kamgap bo‘lgan introvert o‘ziga yaqin kishilar bilan qiziq mavzularni soatlab muhokama qilishga tayyor.

Introvert uchun yolg‘izlik — kimningdir hayotiga aloqadorligi yo‘qligi. U hatto ko‘pchilik ichida ham o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin. Sevimli kitob mutolaasi yoki mazmunli sayr — introvert uchun kuchlarni qayta tiklashning eng yaxshi usuli.

 

Ekstravertlar kimlar?

Ekstravert — energiyasi tashqi dunyoga yo‘naltirilgan inson. U xushmuomala, ochiq va faol. Hamma narsaga ijobiy tomondan yondashadi. Tashabbus ko‘rsatish va yetakchi bo‘lishdan qo‘rqmaydi.

Ekstravertlar tez qizishib ketishi tufayli ba'zan bema'nidek ko‘rinishadi. Biroq hissiyotga berilishni yuzakilik bilan adashtirmang.

Ekstravertlar boshqalar bilan muloqotdan energiya olishadi. Ekstravert uchun yolg‘izlik — atrofda hech kimning yo‘qligi, suhbatdosh topa olmaslik. Ularning do‘stlari va oshna-og‘aynilari ko‘p.

Ekstravertlar bilan zerikmaysiz. Bir xillikdan charchab qolmaslik va ichki olovni yoqish uchun ular klubga qarab yo‘l olishadi yoki mehmon chaqirishadi.

 

Karl Gustav Yungning nima aloqasi bor?

1921 yilda Karl Gustav Yungning "Psixologik turlar" kitobi nashrdan chiqdi. Unda introversiya va ekstraversiya tushunchalari joriy qilindi. Yung ekstravert va introvertlarni ularda ustunlik qiluvchi psixologik funksiya prizmasi orqali ko‘rib chiqdi - tafakkur yoki hissiyot, tuyg‘u yoki sezgi.

Karl Yungning fundamental ishiga olimlar ko‘p marta murojaat qilishgan va murojaat qilishda davom etishmoqda. Ekstravert-introvert turlar Mayyers-Briggs nazariyasi - "Katta beshlik" nomi ostidagi shaxs modeli va Reymond Kettellning 16 omilli so‘rovnomasiga asos bo‘ldi.

1960-yillarda Yungning g‘oyalari britaniyalik psixolog Hans Ayzenkka qo‘l keldi. U ekstraversiya va introversiyani qo‘zg‘alish va to‘xtatish jarayonlari orqali talqin qilgan. Introvertlar sershovqin va odam ko‘p bo‘lgan joylarda o‘zlarini noqulay his qilishadi, zero ularning miyasi vaqt birligida ko‘proq ma'lumotlarni qayta ishlaydi.

 

Introvertlar haqiqatda aqlliroqmi?

Butun dunyodagi ko‘plab psixologlar, sotsiologlar va neyrobiologlar buni aniqlashga harakat qilishmoqda. Hozircha muvaffaqiyatsiz. Biroq qancha ko‘p tadqiqot o‘tkazilgan sayin ekstravert va introvertlar miyasi turlicha ishlashiga shuncha ko‘p ishonch hosil qilinmoqda.

Farqlash chizig‘i - dofamin. Bu bosh miyada ishlab chiqariladigan va zavq olish hissi uchun javob beradigan neyromediator. Ilmiy tadqiqot davomida ekstrovertlarda kuchli hayajon holatida bodom bezlari va uning yonidagi yadro sohasida faollik kuchayishi kuzatilishi aniqlandi. Birinchisi hissiy rag‘batlantirish jarayoni uchun mas'ul, yadro esa dofamin tizimining (zavq olish markazi) bir qismi hisoblanadi.

Ekstravert va introvertlarda dofamin bir xilda ishlab chiqariladi, lekin mukofotlash tizimi unga turlicha javob qaytaradi. Ekstravertlarda rag‘batlarni qayta ishlash jarayoni kamroq vaqt oladi. Dofamin ularga nisbatan kamroq ta'sir o‘tkazadi. "Baxt dozasi"ni olish uchun ularga dofamin bilan birga adrenalin ham kerak.

Introvertlar esa, aksincha, dofaminga juda sezgirlar. Rag‘batlar ularning miya sohasida uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tadi. Ularning mukofotlash tizimida bosh rol boshqa neyromediator - atsetilxolinga tegishli. U qo‘yilgan vazifaga diqqatni jamlash, uzoq vaqt davomida samarali ishlash va ichki muloqot paytida o‘zni yaxshi his qilishga yordam beradi.

 

Men kimman - introvertmi yoki ekstravert?

Yung bo‘yicha psixologik turni aniqlashda odatda Grey-Uilraytning testlari va "Yung turlari indeksi" (JTI)so‘rovnomasi qo‘llaniladi. Shuningdek psixologlar Ayzenkning shaxsiyatga doir so‘rovnomasidan ham foydalanishadi. Maishiy darajada oddiy testdan o‘tish yoki xatti-harakatlarni tahlil qilish mumkin.

 

Siz introvertsiz, agar...

· odatda dastlab o‘ylaysiz, keyin bajarasiz;

· do‘stlar doirasini kengaytirishga harakat qilmaysiz;

· dunyoviy suhbatlarni yoqtirmaysiz, savollarga ko‘pincha bir yoqlama javob berasiz;

· gavjum tadbirlar va omma oldidagi chiqishlardan qochasiz;

· qo‘ng‘iroq qilish imkoni turganda yozma xabar yo‘llaysiz.

 

Siz ekstravertsiz, agar...

· ko‘pincha avval ishni bajarib bo‘lib, keyin o‘ylaysiz;

· doimo kim bilandir tanishasiz;

· muloqot qilishni yoqtirasiz, ko‘chadagi begona odam bilan hech qanday qiyinchiliksiz gaplashib keta olasiz;

· haftada bir marta yoki undan ham ko‘p ziyofatlar, konsertlar va ko‘rgazmalarga borasiz;

· xabar yozish o‘rniga qo‘ng‘iroq qilasiz.

Mavzuga oid