Jahon | 17:48 / 18.01.2017
8858
3 daqiqa o‘qiladi

Turk OAV: Gulen tarafdorlari Turkiya manfaatlariga jiddiy zarba berdi

Turkiyaga bosim o‘tkazishga harakat qilgan kuchlar mamlakat sud tizimi ustidan ham nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lgan, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada chiqish qilib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fathulloh Gulen terrorchilik oqimi tarafdorlari Turkiya sud organlariga bir necha yil davomida kirib kelgan.

«Gulen tarafdorlari Turkiya manfaatlariga jiddiy zarba berishdi, xususan tahdidlarni yo‘q qilish yo‘nalishidagi qadamlar borasida ham», - ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

Gulen va uning tarafdorlari Turkiya davlat organlarining faoliyatiga ham putur yetkazmoqchi bo‘lishgan, dedi prezident.

«Biz Turkiya sud tizimini terrorchilar qo‘liga berib yuborishimiz mumkin emasdi», - ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, FETÖ a'zolari Turkiyadagi konstitutsiyaviy tartibni buzish uchun barcha ishni amalga oshirishdi.

Ular o‘z maqsadlariga yetisha olmasligini tushunib, Turkiyada 2016 yilning 15 iyul kuni harbiy to‘ntarishni amalga oshirishga urinishdi, dedi prezident.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Gulen tarafdorlari Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilari bilan faol ravishda hamkorlik olib borgan. «Ayni damda ularning tarafdorlari hali ham Turkiya xavfsizlik kuchlari, jumladan armiyada bor. Ular terrorchilik tashkilotlari ishini yengillashtirmoqda. Biroq yil sayin ularning soni kamayib bormoqda hamda bu jarayon davom etadi», - dedi prezident.

«Biz hech qachon insonlarni toifalarga ajratmaganmiz. Eshiklarimiz davlat, xalq, hukumat, demokratik va qonuniy institutlarni hurmat qiluvchilar uchun har doim ochiq bo‘lgan», - degan davlat rahbari.

Prezidentning ta'kidlashicha, FETÖ tarafdorlarini aniqlash jarayoni davlat idoralarining odatiy faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmayapti.

«Bunga Istanbuldagi terakt ijrochisini qo‘lga olishni yaqqol misol tariqasida keltirish mumkin. Bu ancha murakkab ish bo‘ldi», - dedi Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid