Jahon | 16:54 / 20.01.2017
6347
2 daqiqa o‘qiladi

Anqara: Bashar Asadning ketishi dargumon

Turkiya hukumatining fikricha, Suriya inqiroziga ushbu mamlakat prezidenti Bashar Asadsiz barham berib bo‘lmaydi. Bu haqda Davos forumi doirasida Turkiya bosh vazirining o‘rinbosari Mehmet Shimshek so‘z yuritgan.

"Suriya xalqining aziyatiga Asad aybdor, ammo biz pragmatik bo‘lishimiz, haqiqatga tik boqishimiz kerak. Vaziyat keskin o‘zgardi, shu sababli Turkiya inqirozga Asadsiz barham berishni boshqa ta'kidlay olmaydi. Bu imkonsiz", - degan Shimshek.

"O‘ylaymanki, biz imkoniyatimizdagilardan foydalanishimiz kerak. Rossiya, Eron, Turkiya va AQSh ayni shunday qilmoqda", - degan Turkiya hukumati vakili. 

2016 yil 30 dekabridan Suriyaning butun hududi bo‘ylab harbiy harakatlarga barham berish tartibi kuchga kirdi. Kelishuvga hukumat qo‘shinlari va muxolifatning 60 mingdan ortiq bo‘lgan qurollangan kuchlari qo‘shilgan. Rossiya va Turkiya o‘zaro sulh kafolatlari hisoblanadi. 

23 yanvarda Ostonada Suriya tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shimshekning qayd etishicha, Ostonadagi sammitdan umid katta. 

Eslatib o‘tamiz, Suriya inqiroziga tinch muzokaralar yo‘li bilan barham berish bo‘yicha Qozog‘iston poytaxtida ko‘ptomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda, Rossiya, Turkiya, Eron va Suriya vakillari ishtirok etadi. AQSh hukumati sammitga taklif etilgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid