Fan-texnika | 22:55 / 20.01.2017
7838
2 daqiqa o‘qiladi

Harvardda yurishni yengillashtiruvchi ekzoskelet ishlab chiqildi

Harvard universiteti qoshidagi Vissa instituti olimlari innovatsion yumshoq ekzoskelet ishlab chiqishdi. Qurilmaning noyobligi shundan iboratki, u insonning yurishini 23 foizga yengillashtirishga qodir, bunda inson energiyasi ham tejaladi. Ekzoskelet samaradorligi tadqiqoti natijalari Science Robotics jurnalida chop etildi. 

Ekzoskelet Amerikaning DARPA harbiy agentligi vositalari asosida ishlab chiqilgan. Dastlab bunday qurilmalar harbiy operatsiyalarni bajarish vaqtida amerikalik askarlar energiyasini tejashga imkon berishi  rejalashtirilayotgan edi, zero harbiylar bir necha kunlab katta jismoniy yuklamalar ostida qolishadi. 

"Biz yetti nafar sog‘lom erkakdan iborat test guruhida tajribalar o‘tkazdik. Ekzoskelet yurish davomida yaxshi samara ko‘rsatdi va bu oxir-oqibat energiyaning 23 foizga tejalishiga olib keldi - ekzoskelet yordamida va usiz harakatlangan kishilarni taqqoslab, shunday xulosaga kelindi. Bizga ma'lum bo‘lishicha, bu bugunga qadar bunday qurilmalar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir", - dedi moslama rahbari Konor Uolsh. 

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, tizimni sinovdan o‘tkazish uchun qo‘shimcha vaqt kerak bo‘ladi. Kelgusida ushbu ekzoskeletlardan keksa yoshli kishilar, Parkinson va shu kabi kasalliklardan jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashda foydalanish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid