Jahon | 09:48 / 20.01.2017
11462
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi

foto: AP

2017 yil 20 yanvar kuni milliarder tadbirkor Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi. Uning tantanali inauguratsiyasi Vashingtondagi Kapitoliy binosi hovlisida bo‘lib o‘tadi. 

Tramp Amerika davlatining 45-prezidenti bo‘ladi. Tadbirkor nomzod 2016 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida kutilmaganda g‘alaba qozongan edi. Marosimda Tramp oilasi, mamlakat siyosiy rahbariyati va yaqinda siyosiy raqib bo‘lganlar — prezident Barak Obama va Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton ham ishtirok etadi.

Xabarlarga ko‘ra, inauguratsiya kunini Tramp avliyo Ioann ibodatxonasiga tashrif buyurish bilan boshlaydi. Oq uy qarshisidagi cherkovga borish an'anasi bir necha o‘n yillar avval paydo bo‘lgan. 

Tramp bo‘lg‘usi vitse-prezident Mayk Pens va oila a'zolari bilan birga cherkovga borishadi, so‘ngra Oq uyda ertalabki choyxo‘rlik tashkil etiladi. Oradan bir soatlar o‘tgach, Obama va Tramp birgalikda inauguratsiya marosimiga tashrif buyuradi.

Mahalliy vaqt bilan kunduzi 11:30 da (21:30 Toshkent vaqti bilan) qasamyod qilish marosimi boshlanishi belgilangan. U Kapitoliyning g‘arbiy maydonida bo‘lib o‘tadi. Roppa rossa 12:00da Tramp 35 ta majburiy va 4 ta ixtiyoriy  so‘zlardan iborat qasamyodni aytadi. Tramp qasamyodini Oliy bosh hakami Jon Roberts o‘tkazadi.

Shundan so‘ng, Tramp 25 daqiqalik ma'ruza qiladi. 

Shu bilan inauguratsiyaning rasmiy qismi yakunlanadi va paradlar hamda ballardan iborat tantanalar o‘tkaziladi. 

Obama inauguratsiya marosimi yakunlangach, oilasi bilan Kapitoliyni vertolyotda tark etadi hamda birinchi raqamli samolyotga so‘nggi marotaba o‘tirib, Floridaga ta'tilga jo‘naydi. 

 Shu munosabat bilan, Vashingtonda jiddiy xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining taxmin qilishicha, marosimda kamida 300-400 ming kishi bo‘lishi kutilmoqda. Albatta, bu Barak Obamaning birinchi inauguratsiyasiga tashrif buyurganlar sonidan sezilarli kamdir. O‘shanda 2 mlnga yaqin odam tashrif buyurgan edi. 

 CNN telekanaliga ko‘ra, umuman yuzga yaqin kvartalda avtomobil harakati to‘siladi. 5 kvadrat kilometr maydonni qo‘riqlash ishlariga politsiya, maxfiy xizmat, transport xavfsizlik boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralarining 28 ming xodimi jalb etiladi. 

Inauguratsiyaga bevosita bormoqchi bo‘lganlarga qator buyumlarni olib kelish yoki olib yurish taqiqlangan. Bundan tashqari, AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi Vashington osmonidagi parvozlargacheklovlar joriy qiladi. 

Metroning shahar markazidan o‘tuvchi bir necha bekati yopiladi. 

Xavfsizlik xizmatlari vakillari jiddiy tahdid yo‘qligini ta'kidlashmoqda. Shu bilan birga, Trampdan norozi bo‘lganlarning namoyishlariga ruxsat beriladi. Biroq, ular bir joyda emas, turli hududlarda o‘zlari uchun taqsimlangan joylarda namoyish o‘tkaza olishadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid