Jahon | 20:10 / 20.01.2017
12135
3 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp ikkita Injilda qasamyod qiladi

Bugun AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp qasamyod qiladi va lavozimiga kirishadi. U saylovoldi kampaniyasining o‘zida turli xil shov-shuvli bayonotlari bilan dong taratishga va saylovdan so‘ng moliya bozorlarini titratishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ayni vaqtda, cherkovda bo‘lgan Donald va Melaniya Tramp, diniy marosim poyoniga yetgach, Oq uyga yo‘l olishadi. Bu yerda amaldagi prezident Barak Obama va Mishel Obama bilan choyxo‘rlik qilishadi. 

Vashingtonning turli ko‘chalarida esa, yangi prezidentdan norozi bo‘lganlar, «Trampga yo‘q, Ku-Kluks-Klanga yo‘q! Rasistlar, fashistlar, yo‘qolsin!» kabi so‘zlar yozilgan plakatlarni olib, namoyishlar tashkil etishgan. 

Aytish joizki, Trampning Oq uy egasiga aylanishidan hamma ham birdek rozi emas. Undan norozilar orasida, faqatgina ziyolilar, Hollivud yulduzlari bor emas. 

ABC News va Washington Post tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Tramp so‘nggi 40 yilda inauguratsiya vaqtida eng hurmat qilinmagan prezident bo‘lmoqda. Uni hozirda 40 foiz aholi qo‘llab-quvvatlamoqda. Barak Obama, Bill Klinton va Jorj Bushlarning bu boradagi ko‘rsatkichi, o‘z vaqtida 80-82 foizni tashkil etgan edi.

ABC news telekanaliga ko‘ra, Tramp prezidentlik qasamyodini ikkita Injilda qabul qiladi. Ulardan birida Avraam Linkoln qasamyod qilgan bo‘lsa, ikkinchisi yangi prezidentga bir vaqtlar onasi bergan hadya ekani aytilmoqda. 

Shu bilan birga, ko‘plab amerikalik boy-badavlat va obro‘li insonlar bugungi kunni unchalik ham xushlamasdan qarshilashmoqda. Xususan, milliarder va metsenat Jorj Soros, Davosda chiqish qilar ekan, yangi prezidentni «yolg‘onchi va firibgar», deb atagan. Sorosning fikricha, Trampning dunyoqarashi bo‘yicha ideal davlat – bu  «diktatura yoki mafiya davlatidir». Bozorlar haqida fikr bildirgan moliyachining aytishicha, u Trampdan imkon qadar uzoqda bo‘ladi va barcha biznes vakillariga shunday yo‘l tutishni tavsiya qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid