Jamiyat | 18:45 / 20.01.2017
7934
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Hindistonning farmatsevtika korxonasi ishga tushadi

Namanganda Hindistonning MJ Group kompaniyasining moliyaviy ishtirokida yangi farmatsevtika korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Mazkur yirik loyihani amaliyotga joriy etish maqsadida  viloyat hokimi Xayrullo Bozarov MJ Group kompaniyasi rahbari va ta'sischisi Lashvantal Shax hamda Marvel Lifesciences Ltd’ning Rossiyadagi direktori Shakil Ahmedlarni qabul qildi.

Suhbat avvalida viloyat rahbari mehmonlarni Namanganga qilgan tashriflari bilan qutladi va viloyatning boy tabiiy imkoniyatlari, ishlab chiqarish infratuzilmasi haqida gapirib berdi. Hindistonlik tadbirkorlar ham, o‘z navbatida, nufuzli kompaniyaning  yo‘nalishlari, O‘zbekistonda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalar xususida fikr yuritishdi. Ma'lumki, mazkur kompaniya Yevropa, Osiyo va Afrika qit'asining ko‘plab mamlakatlarida 16 ta sho‘'ba korxonasiga ega bo‘lib, dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha dovruq qozongan. Jahonning taniqli kimyoviy kompaniyalari bilan ish olib boradi.

“Uchrashuv yakunida ikki tomonlama memorandum imzolash yuzasidan kelishib olindi.  Aytish lozimki, MJ Group kompaniyasi Namanganda insulin va dorivor substansiyalar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, qiymati 150 million AQSh dollari miqdoridagi yadoximikatlar ishlab chiqaruvchi zavod barpo etish ham ko‘zda tutilmoqda”, deyiladi Namangan viloyat hokimligining axborot xizmati bergan ma'lumotda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid