Jahon | 08:10 / 22.01.2017
13354
3 daqiqa o‘qiladi

Butun dunyo bo‘ylab Trampga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi

21 yanvarda butun dunyo bo‘ylab AQShning yangi prezidenti Donald Trampga qarshi "Ayollar marshi" deb nomlangan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Aktsiya nomi ayollar ishtirokini nazarda tutsada, unda minglab erkaklar ham ishtirok etdi.     

Avstraliyada 3000 ga yaqin kishi Trampga qarshi ayollar marshiga chiqdi. AQSh prezidenti saylovoldi kampaniyasi vaqtida bir necha marotaba jins bo‘yicha tahqirlashda ayblanib kelgan. Misol uchun, Trampga u "Dunyo go‘zali – 2002"ni semiz deb atab, uning ustidan TV-shou vaqtida mazax qilgani eslatib qo‘yildi. Shuningdek, vitse-prezident Maykl Pens abortlarga qarshi chiqishi va besoqolbozlarni elektroshok bilan davolashni qo‘llab-quvvatlashi bilan ma'lum. Yangi Zelandiyada shunday marshga 2 ming kishi chiqdi. 

Londondagi marshda bir necha o‘n ming odam ishtirok etdi. Namoyish ishtirokchilari irqiy tenglik, arzon sog‘liqni saqlash tizimi va abort qilish huquqini qo‘llab-quvvatladilar. Norozilarni qo‘llab-quvvatlash uchun London meri Sodiq Xon ham ishtirok etdi.

Italiyadagi marsh Rimdagi Rotonda maydonida to‘plandi. Bu yerda "Tramp – mening prezidentim emas", "Devorlar emas, ko‘priklar", "Inson irqlari mavjud emas" shiorlari ostida yuzlab italiyalik ko‘chalarga chiqishdi. Florentsiyada ham norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.
 
Stokholmda Trampga qarshi bir necha ming kishi norozilik bildirgan. Ular shahar markazida to‘planib, "Raso erkaklar tenghuquqlikdan qo‘rqmaydilar", "Bizning huquqlardan qo‘lni torting", degan yozuvli transparantlar bilan AQSh elchixonasiga qarab yurishgan.

Fransiyada parijliklar Eyfel minorasi ostigacha yurib borishgan. Namoyishchilarning qo‘lida AQSh bayroqlari va turli norozilik plakatlaridan tashqari, anarxistlarning qora bayrog‘i ham bo‘lgan. 

Dublinda Trampga qarshi noroziliklar shahar markazini falajlab qo‘ygan.
 
Rigadagi marshda 200 ayol ishtirok etgan. 

"Ayollar marshi" hattoki Afrikagacha ham yetib bordi. E'tiborlisi, sayyoramizning eng chekka joylaridan biri – Antarktidada ham Trampga qarshilar topildi. U yerda "Pingvinlar tinchlik uchun" degan shiorlar bildirildi.   

AQShning o‘zida ham ayollar huquqlari uchun aksiyalar bir nechta shaharlarda bo‘lib o‘tdi. Ulardan eng yirigi Vashingtonda o‘tdi va unga 200 ming kishi chiqdi.

Mavzuga oid