O‘zbekiston | 14:30 / 22.01.2017
60333
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirning aholini energiya bilan ta'minlash bo‘yicha o‘rinbosari Nukusdagi yig‘ilishda nima dedi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgani haqida avval xabar qilingan edi. Davlat rahbari tashrifi doirasida xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi. Unda qator dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi, oshkora fikr almashildi, kerakli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov (geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft kimyosi va metallurgiya sanoati majmuasiga mas'ul) ham so‘zga chiqdi va respublikadagi energiya ta'minoti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan axborot berdi. 

Ibragimovning aytishicha, Qoraqalpog‘iston hududlariga chiqib, haqiqiy ahvol o‘rganilganda, Vazirlar Mahkamasining mazkur kompleksi tomonidan qabul qilingan dasturlar naqadar xomligi ayon bo‘lgan. ushbu mintaqada jami 2200 km yuqori kuchlanishli, 16800 km past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 4368ta transformator punktlari mavjud.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda, Qoraqalpog‘iston past kuchlanishli elektr tarmog‘ining 10,4 ming kilometri yoki 62 foizi, transformator punktlarining 2,2 mingtasi yoxud 50 foizi jismonan va ma'nan eskirgan. Ibragimovning ta'kidlashicha, mazkur holat chuqurroq o‘rganilganda ayon bo‘lganki, energiya ta'minoti tuzilmalari nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida ham past kuchlanishli tarmoqlar bilan umuman shug‘ullanmagan. 

Shunga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturi doirasida 29 kmlik yangi elektr tarmog‘i qurilsa, 128 kmga teng tarmoq modernizatsiya qilinadi. Bundan tashqari, 13 transformator punktlari yangi barpo qilinib, 32tasi modernizatsiya qilinadi. 

Mavzuga oid