Jahon | 22:52 / 24.01.2017
11263
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya sudi Erdo‘g‘anning o‘g‘liga nisbatan ochilgan ishni yopdi

Foto: AFP 2017/ Ozan Kose

Italiyaning Bolonya shahri dastlabki tergov sudi Turkiya prezidentining o‘g‘li Bilol Erdo‘g‘anga nisbatan ochilgan ishni arxivga topshirishga qaror qildi. Bilol Erdo‘g‘an bu ish bo‘yicha pul yuvishda gumon qilingandi, deb xabar bermoqda ANSA axborot agentligi. 

Bilol Erdo‘g‘an 2015 yil kuzida oilasi bilan Bolonyaga kelgan. U bu yerda Jons Xopkins universitetida doktorlik dissertatsiyasini yozgan. 2016 yil fevralda esa unga qarshi turkiyalik tadbirkor Murat Xakan Uzanning arizasiga ko‘ra tergov boshlangan. Uzan Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning siyosiy raqibi hisoblanadi va Fransiyada yashaydi. Tadbirkor italyan hukumatidan Bilol Erdo‘g‘an Italiyaga olib kelgan pullarning kelib chiqishini aniqlashni so‘ragan. Ishning ochilishi Bilolni Italiyani tark etishga majbur qilgan.

Dekabrda tergov Uzanni ko‘rsatma berishga chaqirgan. Prokuratura Uzanning sudga kelmagani asosida sudga ishni arxivga topshirishni, ya'ni mohiyatan uni yopish haqida ariza bergan. 

Bu Italiya huquq-tartibot muassasalarining Bilolga qarshi tergovni to‘xtatishga birinchi urinishlari emas. 

Mavzuga oid