Jahon | 15:51 / 24.01.2017
18502
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Xitoy Rossiya bilan chegarada raketalar joylashtirganiga izoh berdi

foto : ria.ru

Moskva Xitoy qurolli kuchlarining rivojlanishini tahdid deb qabul qilmayapti, deb xabar berdi RIA Novosti. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qilgan. U rasmiy Pekin Rossiya bilan chegaraga yaqin hududda qit'alararo ballistik raketalarni joylashtirgani haqidagi OAV xabarlariga izoh bergan.

Avvalroq Xitoy Rossiya bilan chegarada joylashgan Xeyluntszyan shimoli-sharqiy viloyatida o‘zi ishlab chiqargan DF-41 qit'alararo ballistik raketalarni joylashtirgani haqida Global Times gazetasi xabar bergandi. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga qaraganda, DF-41’ning maksimal parvoz masofasi 14 ming kilometrga teng. Taxminlarga ko‘ra, u o‘ziga 10-12 individual qaratilgan yadro bloklari joylashtirilgan ajraluvchi bosh qismi bilan jihozlangan. 

"Xitoy bizning strategik ittifoqchimiz, siyosiy va savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi sherigimiz sanaladi. Biz o‘zaro munosabatlarni qadrlaymiz. Xitoy qurolli kuchlarining rivojlanish rejasidagi qandaydir harakatlarni mamlakatimiz uchun tahdid, deb qabul qilmaymiz", - dedi Peskov.

Avvalroq Xitoy xalq-ozodlik armiyasi umumiy hisobda uchta Dongfeng-41 raketalari bo‘lgan brigadalarni joylashtirishi haqida xabar berilgandi. Ulardan biri katta ehtimol bilan Xenan viloyatidagi Sinyan shahrida bo‘lsa, ikkinchi brigada Xeyluntszyan viloyatidagi Datsin shahrida joylashtirilgan. Uchinchisi esa – Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid