Jahon | 10:02 / 24.01.2017
6133
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Suriya bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda

foto: AP

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Suriya bo‘yicha hukumat va muxolifat delegatsiyalari, Rossiya, Turkiya, Eron, BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura ishtirokidagi va AQShning Qozog‘istondagi elchisi Jorj Krolning kuzatuvchi sifatidagi muzokaralari davom etmoqda.

"Uchrashuvlar tiklandi, ish olib borilmoqda, - dedi de Mistura. – Biz har doimgidek ijobiy kayfiyatdamiz".

Suriya hukumati va muxolifati seshanba kuni de Mistura vositachiligida Suriyadagi sulhni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini muhokama qilishni davom ettirishadi. Ishtirokchilar shuningdek o‘t ochishni to‘xtatish va Suriyadagi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning nizoni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi kayfiyatini o‘zida ifodalaydigan hujjatni muvofiqlashtirishni yakunlash niyatida.

Avvaliga ishni mahalliy vaqt bilan 13:00 ga qadar yakunlash ko‘zda tutilgandi. Biroq dushanba kuni kechqurun muzokara ishtirokchilari bu muddatga shubha bilan qaray boshlashdi. Muzokaralar og‘ir va ancha keskin ruhda o‘tmoqda, Suriyada bir necha yil davom etayotgan mojaro vaqtida ko‘plab hal etilmagan masalalar va da'volar to‘planib qolgan. Biroq uchrashuvni yana bir kunga cho‘zdirish haqida hozircha hech kim ma'lum qilmadi.

Muzokaralar Ostona markazidagi Rixos President Astana mehmonxonasida o‘tkazilmoqda. Qatnashchilar uchrashuv yakunlarini ro‘parada joylashgan "Kazmediasentr"dagi qo‘shma matbuot anjumanida ma'lum qilishadi. U mahalliy vaqt bilan 14:00 da boshlanishi kutilmoqda hamda unda barcha delegatsiyalar vakillari qatnashishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid