Jahon | 13:12 / 25.01.2017
8094
4 daqiqa o‘qiladi

OAV jahon yetakchiligi uchun da'vogar mamlakatlar nomzodini muhokama qilmoqda

Foto: Fotolia

Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylanganidan buyon, Qo‘shma Shtatlarning dunyo yetakchisi rolini qaysi mamlakat bajara oladi?, degan savol kun tartibiga chiqqan, deb yozadi Accosiated Press agentligi. 

Amerikaning yangi prezidenti TTH tarkibidan chiqishi va “eskirgan tashkilot” deb atagani NATOga nisbatan tutgan qarashi bilan g‘arb mamlakatlaridagi ko‘plab kuzatuvchilarning xavotirlariga sabab bo‘ldi. Agar, AQSh haqiqatdan ham, senator Jon Makkeyn aytganidek, "Osiyodagi yetakchilikni Xitoy"ga topshirish barobarida, YeI va NATO bilan qalin hamkorlikdan chekinsa, boshqa mamlakatlar dunyo yetakchiligini qo‘lga kiritish uchun paydo bo‘lgan bunday qulay imkoniyatdan foydalanib qolishga urinadi, deb ta'kidlanadi maqolada. 

Xo‘sh, AQShning ta'siri kamaygan sharoitda, uning o‘rnini egallashga qaysi mamlakatlar urinib ko‘rishi mumkin? Bular uch davlat: Xitoy, Rossiya va Germaniyadir. Mazkur davlatlar raqobatchilariga nisbatan yetarli darajada ustun jihatlarga ega, deb mulohaza yuritadi agentlik. 

Xitoy, birinchi galda, o‘zining iqtisodiy qudratiga ishonishi mumkin. XXR Afrika va Lotin Amerikasiga faol sarmoya kiritmoqda hamda TTH (Transtinchokeani hamkorligi)ga qarshi muqobil tashkilotni tuzishga urinmoqda. Xitoyning ko‘plab qo‘shnilari, Tramp mamlakatlar o‘rtasida haqiqiy "savdo urushlari"ni boshlab berishidan xavotirlanmoqda. 

Rossiya kuchli harbiy salohiyatga ega, u Yaqin Sharqda o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.  Suriya mojarosiga barham berish bo‘yicha Ostonada bo‘lib o‘tgan muzokaralar, Vashington vaziyatga ta'sir o‘tkazish imkonini qo‘ldan chiqarganini namoyish qildi. Bundan tashqari, Amerikaning yangi ma'muriyati Rossiya bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Bu ham, muallifga ko‘ra, Moskvaning mintaqadagi obro‘sini oshirib yuboradi. 

Nima bo‘lganda ham, Yevropa mamlakatlari orasida global yetakchilik qilishga Germaniya yaqinroq turibdi. U, shundog‘am, YeIning iqtisodiy "lokomotiv"i hisoblanadi. Muallifning fikricha, GFR g‘arb mamlakatlarini o‘z ortidan ergashtira oladi, albatta AQSh bundan voz kechsa. Biroq, Angela Merkelning 2017 yil saylovlaridagi istiqboli unchalik ham oydin emas. Kantsler ommalashib borayotgan o‘ng kuchlar bilan jiddiy kurash olib borishi talab etiladi. 

Shunday bo‘lsa-da, deb yozadi maqola muallifi, hozircha, yuqorida imkoniyatlari o‘rganilgan 3 davlatning hech biri ikki muhim – iqtisodiy va harbiy sohada AQSh bilan tenglasha olmaydi hamda AQShning bu boradagi ta'sirini yo‘qqa chiqarish salohiyatiga ega emas. Bunday sharoitda, AQShning jahon yetakchiligi rolidan voz kechishga urinishi "hokimiyat bo‘shlig‘i" va beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin, deya xulosa qiladi jurnalist. 

Mavzuga oid