Fan-texnika | 17:44 / 25.01.2017
16641
2 daqiqa o‘qiladi

Vertu “o‘ta qimmatbaho” Android-smartfonni namoyish etdi

Qimmatbaho telefonlar ishlab chiqaruvchi Vertu kompaniyasi The Constellation (“Yulduzlar turkumi”) seriyasini sayohatchilarga mo‘ljallangan yangi model bilan to‘ldirdi. U Vertu’ning ikkita SIM-karta ishlatilishi mumkin bo‘lgan tarixdagi birinchi qurilmasiga aylandi.

Yangi uskunada, shuningdek, iPass – dunyodagi eng yirik Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish imkoni bor. iPass turistlarga 120 dan ortiq mamlakatda o‘n millionlab xot-spotlar taklif etadi. Ular aeroportlar, mehmonxonalar, temir yo‘l vokzallari va boshqa jamoat joylarida o‘rnatilgan.

Har bir model anodlangan (metall sirtini elektroliz usulida oksid pardasi bilan qoplamoq) alyuminiydan yaratilgan bo‘lib, tabiiy buzoq terisi bilan qoplangan. Uskuna yon tarafida yoqutli tugma bor. Uni bosish orqali shaxsiy oqsoch bilan bog‘lanish mumkin.

Smartfon kengligi WQHD (2560x1440 piksel) bo‘lgan hamda ko‘kish yoqut oyna bilan qoplangan 5,5 dyuymli AMOLED-ekranga ega. Bundan tashqari, u Qualcomm Snapdragon 820 protsessori, 4 gigabayt operativ va 128 gigabayt ichki xotiraga ega. 
Android-uskuna Dolby Digital Plus tovush tizimiga ham ega bo‘lib, yuza paneli va ekran ostida stereodinamik joylashgan. Shuningdek, qurilma 12-megapikselli kameraga ham ega. Smartfon Android 6.0.1 (Marshmallow)da ishlaydi. 
Yangilik fevral o‘rtalarida sotuvga chiqariladi. Uni faqatgina butiklarda xarid qilish mumkin. Kompaniya uskuna narxini ma'lum qilmagan, biroq u kamida besh-olti ming yevro turishi taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid