Jahon | 18:51 / 26.01.2017
9878
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York hokimi Tramp ma'muriyati bilan sudlashmoqchi

Foto: AP

Nyu-York meri Bill De Blazio AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati bilan sudlashishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Bu noqonuniy muhojirlarga boshpana berayotgan shaharlarni federal moliyalashtirishni taqiqlovchi farmon sabab ro‘y berishi mumkin, deb yozadi Amerikaning Politico nashri.

Tramp chorshanba kuni chegaralarni qo‘riqlash va muhojirlik haqidagi farmonlarga imzo chekdi. Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser farmonlar chegarada “jismoniy to‘siqlar” qurilishi, jinoiy ishlarga aloqador noqonuniy muhojirlarni ommaviy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish, ularni federal hukumatga topshirishdan bosh tortayotgan shaharlarni federal moliyalashtirishdan voz kechishga qaratilgan choralarni o‘zida qamrab olishi haqida ma'lum qilgandi.

“Prezident Tramp xavfsizlikni oshirish maqsadida farmon chiqardi, biroq Nyu-York va mamlakatdagi boshqa shaharlarda – bunday hukumat qadami aslida jamoat xavfsizligiga rahna solishi mumkin”, — dedi Blazio. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu farmon sabab moliyalashtirishni qisqartirish shahar politsiya boshqarmasi, jumladan politsiyaning muhojirlar bilan munosabatlariga zarba bo‘lib tushadi.

“Vashingtonda ruchka bilan birgina imzo qo‘yish Nyu-York aholisi yoki bizning qadriyatlarimizni o‘zgartirib yuborishga qodir emas. Biz oilalarni ajratishga yo‘l qo‘ymaymiz”, - dedi Blazio.

Merning so‘zlariga ko‘ra, farmon shahar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan “yuridik da'vo” ishi markaziga aylanishi katta ehtimolga yaqin. “Moliyaviy qisqartirishlar borasidagi qandaydir harakatlardan so‘ng Zak Karter (shaharning yuridik masalalar bo‘yicha yuqori lavozimli maslahatchisi) bir soatdan so‘ng sudda bo‘ladi”, - deya xulosa qildi Blazio.

Tramp farmoni matni AQShdan jinoyat sodir etgan muhojirlarni chiqarib yuborishni ko‘zda tutadi. Birinchi navbatda bu jinoiy harakatlarni amalga oshirgani uchun sudlanganlarni qamrab oladi. Bundan tashqari, davlatdan noqonuniy ravishda pul mablag‘lari olgan muhojirlar ham chiqarib yuboriladi. 

Shuningdek Tramp qo‘shimcha 10 ming muhojirlik bo‘yicha zobitlarni yollash haqida ham so‘z yuritgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid