Jahon | 09:41 / 28.01.2017
7746
3 daqiqa o‘qiladi

Tsukerberg: Tramp farmonlari AQShga xavf tug‘dirmaydigan kishilarga ham ta'sir ko‘rsatadi

Prezident Donald Trampning muhojirlik nazoratini kuchaytirish sohasidagi farmonlari AQShga xavf tug‘dirmaydigan kishilarga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Amerikaning Facebook kompaniyasi asoschisi Mark Tsukerberg ma'lum qildi. U shuningdek farmonlar “muhojirlar millati sifatida qaror topgan davlat asoslariga qattiq zarba berishi mumkin” degan.

“Men ham ko‘pchilik singari prezident Tramp tomonidan imzolangan farmonlar oqibatidan tashvishga tushmoqdaman”, - deya ta'kidlab o‘tdi Tsukerberg o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. U o‘zining ajdodlari Germaniya, Avstriya va Polshada tug‘ilganini, rafiqasi Pristsilla Channing ota-onasi esa Xitoy va Vetnamlik qochqinlar ekanini ham eslatib o‘tgan.

“Biz bu mamlakatni asrashimiz lozim. Biroq bor e'tiborni xavf tug‘dirayotgan kishilarga qaratish lozim. Huquqni muhofaza qilish organlari e'tiborini haqiqiy tahdid uyg‘otuvchi kishilardan tashqari, boshqa insonlarga ham qaratish, Amerikani xavfsizroq joyga aylantirmaydi. U o‘ziga ortiqcha resurslarni jalb etib, millionlab oddiy yigitlarni chiqarib yuborish xavfi ostida hujjatlarsiz yashashga majbur qiladi”, - deya aniqlik kiritdi Tsukerberg.

Uning fikricha, AQSh hukumati “o‘z eshiklarini qochqinlar va yordamga muhtoj kishilarga ochib qo‘yishi kerak”. “Shunday bo‘lganmiz va bo‘lamiz. Agarda biz bir necha o‘n yillar avval qochqinlarni kiritmaganimizda, Pristsillaning oilasi ham hozir bu yerda bo‘lmas edi”, - deb qo‘shimcha qildi Facebook asoschisi. U prezident Tramp aql bilan ish yuritishi va “AQShga juda ham iste'dodli kishilar”ni kiritib kelishiga to‘siq qo‘ymasligidan umidvor ekanini bildirgan.

Davlat rahbari so‘nggi kunlar davomida muhojirlik siyosatini kuchaytiruvchi uchta farmonga imzo chekdi. Tramp 27 yanvar, juma kuni AQShda qochqinlarni joylashtirishni 120 kunga to‘xtatib turish haqidagi farmonga qo‘l qo‘ydi. Bu muddat yakuniga yetganda esa mamlakatga 50 mingdan ortiq qochqin kiritilmaydi.

Ma'lumot uchun, Facebook – dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqlardan biri bo‘lib, Tsukerberg va uning Harvard universiteti bo‘yicha uch kursdoshi tomonidan 2004 yilning 4 fevral kuni tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqqa bir oyda butun dunyo bo‘ylab 1,71 milliard foydalanuvchi tashrif buyuradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid