Jamiyat | 14:43 / 29.01.2017
12939
3 daqiqa o‘qiladi

Biologlar saraton hujayralarining tanada qanday tarqalishini aniqlashdi

Yyell universiteti olimlari kutilmaganda teri saratonining bunchalik agressivligi sababini kashf qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, uning hujayralari immuntanachalari bilan birlasha olishi oqibatida mustaqil harakatlanish xususiyatiga ega bo‘ladi, deyiladi PLoS One jurnalida chop etilgan maqolada.

"Endi biz ushbu birlashish jarayoni qanday qilib sodir bo‘lishini aniqlashimiz kerak. Bizningcha, uning turli bosqichlari bor, shunga binoan, har bir bog‘lanish jarayonini buzish yo‘lini topish lozim. Kelajakda ushbu qo‘shilishga to‘sqinlik qilish bilan saraton hujayralari tarqalishining oldini olishimiz mumkin", — degan Boulderdagi Kolorado universiteti olimi John Pawelek. 

Bugungi kunda olimlar, inson immun tizimi ilk o‘simtalar bilan samarali kurasha oladi, deb o‘ylashadi. Biroq, hujayralar harakatlana oladigan bo‘lgach, metastazalar yuz beradi hamda qandaydir sabab bilan immun tizim ularni shunchaki ko‘rmaydi yoki yo‘qotishga urinmaydi. Amerika tibbiy xizmatlarining ma'lumotlariga ko‘ra, saraton bilan xastalangan bemorlarning 90 foizi aynan metastaza tufayli hayotdan ko‘z yumadi. 

Endilikda, Pawelek va uning hamkasblari metastaza qanday ro‘y berishiga va immun tizimi nima uchun ularga teginmasligining sababini amalda tasodifan aniqlashdi. Ular avval suyak miyasi ko‘chirib o‘tkazilgan insonda teri saratoni kuchayishini o‘rganayotgan vaqtda shu narsaga duch kelishgan. 

Olimlar saraton hujayralarining metastazalardagi genomlari yarmi bemorning o‘z DNKsi yarmi suyak miyasi donori DNKsidan iborat bo‘lganini aniqlashgan. 

Bu hujayralarni batafsil o‘rgangan olimlarning xulosa qilishlaricha, bunday g‘aroyib birikish limfotsitlar (saraton o‘simtasini yo‘q qiluvchi immun hujayra) va melanoma (teri saratoni) hujayrasi qo‘shilishidan paydo bo‘ladi. Natijada limfotsitning ayrim, jumladan harakatlanish xususiyatlariga ega bo‘lgan gibrid hujayra paydo bo‘ladi. U, shuningdek, nazoratsiz ko‘paya oladi. 

Olimlarga ko‘ra, saratonning boshqa turlarida ham metastaza shunday ko‘rinishda ro‘y beradi. Bu jarayonga yo‘l qo‘ymaslik, kasallikka qarshi kurashishda yordam beradi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid