Jahon | 09:28 / 30.01.2017
12333
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Senatorlar uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishga urinmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp ikki nafar respublikachi-senator Jon Makkeyn va Lindsi Gremni uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishga urinayotganlikda aybladi. U o‘zining Twitter sahifasidagi mikroblogida shu haqda so‘z yuritgan.

«Prezidentlikka sobiq nomzodlar Jon Makkeyn va Lindsi Gremning qo‘shma bayonoti — xatodir, ular, afsuski, immigratsiya masalalarida haq emaslar», — deb yozgan Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur senatorlar «doimiy ravishda uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishga urinmasdan», IShID xalqaro terrorchilik guruhiga qarshi kurashish va «noqonuniy immigratsiya va chegaralardagi xavfsizlikka e'tibor qaratishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi».

Avvalroq, Makkeyn va Grem prezident Trampning immigratsiya siyosatini tanqid qilib, bayonot berishgan edi. Ularning fikricha, prezidentning farmoni «yetarli darajada o‘rganilmagan», chunki, davlat departamenti, mudofaa va adliya vazirliklari bilan muhokama qilinmagan, deb xabar qiladi ABC News. «Biz, ushbu farmon AQSh xavfsizligini mustahkamlash o‘rniga terroristik tahdidlar kuchayishiga asos bo‘lishidan xavotirdamiz», — degan senatorlar. 

AQSh prezidentining immigratsiya masalasiga doir 27 yanvarda imzolagan farmoni asosiy aholisi musulmonlardan iborat 7 mamlakat Eron, Iroq, Liviya, Suriya, Sudan, Yaman va Somali fuqarolariga viza berishni to‘xtatishni ko‘zda tutadi. Shu sababli, AQShga aviachipta olgan va Amerika vizasiga ega ko‘plab fuqarolar parvoziga ruxsat berilmagan edi. 

Donald Tramp o‘z qarorini izohlar ekan, uning chorasi musulmonlarga emas, balki terrorchilarga qarshi qaratilganini ta'kidlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik siyosati yangilanishi bilan barcha mamlakatlar fuqarolariga viza berish qayta boshlanadi. 

Mavzuga oid