Jahon | 17:46 / 31.01.2017
5444
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Tramp farmoniga javoban amerikaliklarga viza berishni to‘xtatadi

Rasmiy Tehron ma'muriyati AQSh prezidenti Donald Trampning immigratsiya farmoniga javoban amerikaliklarga viza berishni to‘xtatadi. Tramp yetti musulmon mamlakat, xususan, Eron fuqarolariga viza berish va mamlakatga kirishni vaqtincha  taqiqlagan edi. Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif fransiyalik hamkasbi Jan Mark Eyro bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida shunday bayonot bergan. 

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu qoidalarga istisno kiritilishi mumkin. "Agar shunday bo‘lsa, dastlab Eron TIV ko‘rib chiqadi, so‘ngra qaror qabul qilinadi", — deb qo‘shimcha qilgan vazir. 

O‘tgan haftada Donald Tramp qochqinlar kirishini 120 kunga, suriyalik qochqinlarni noma'lum muddatga kiritishni taqiqlash hamda AQShga kirish tartib-qoidalarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonini imzolagan edi. Unga muvofiq, Suriya, Eron, Iroq, Yaman, Sudan, Somali va Liviya mamlakatlari fuqarolari 90 kun muddatga Qo‘shma Shtatlarga kira olishmaydi. 

Trampning migratsiya farmoni AQSh hamda jahon hamjamiyatida turli qarashlarga sabab bo‘ldi. Xususan, AQSh Demokratik partiyasining senatdagi a'zolari farmon ijrosini to‘xtatishga imkon beruvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kiritishni rejalashtirgan. Amerik shtatlarining 15 nafar bosh prokurorlari farmonni "noqonuniy" deb baholagan edi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid