Jahon | 09:30 / 02.02.2017
4416
3 daqiqa o‘qiladi

BAAda dronlardan tijoriy maqsadda foydalanish uchun soliq kiritildi

Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) dronlardan tijoriy maqsadda foydalanadigan dron operatorlariga mamlakatning Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (GCAA) qaroriga muvofiq, har yili 50 ming dirham (13,62 ming dollar) miqdorida soliq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Dronlardan notijorat maqsadida foydalanganlik uchun har 90 kunda 273 dollar to‘lash sharti bilan har yili umumiy hisobda 1107 ming dollar olinadi. Shuningdek, dronlardan foydalanishga o‘rgatuvchi tashkilotlarga ham haq o‘rnatildi, ular 5 yilga 13,62 ming dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi.

GCAA Arabian Business nashriga bergan bayonotida BAAda dronlardan foydalanish uchta turli qoida bilan tartibga solinishini ma'lum qilgan. Ularga ko‘ra, dronlar ko‘ngilochar, tajribaviy (ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun) va korporativ (tijorat/notijorat maqsadlari uchun) turlarga bo‘linadi. 

"Dronlardan tijorat maqsadida foydalanish yerdagi odamlar, havo hududidan foydalanuvchi boshqalar xavfsizligiga yuqoriroq xavf soladi, shu sababli oqibatlarni yumshatish bo‘yicha sertifikatlashtirish, xavfsizlikka amal qilish, havo hududiga baho berish, rahbariyat va xodimlar malakasini baholash kabi qo‘shimcha choralar va baholashlar talab qilinadi", deyilgan tashkilot bergan bayonotda.

Agar dronlar operatori GCAA me'yorlariga to‘g‘ri kelsa, boshqarmaning ruxsati operatorga mamlakatning istalgan joyida istalgan vaqtda hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar va talablarsiz ishlashiga imkon beradi.

Boshqarma jismoniy shaxslarga dronlardan ko‘ngilochar maqsadda foydalanganlik uchun biror yig‘imlar kiritilishi borasida izoh bermagan. Biroq dron bilan ishlamoqchi bo‘lgan istalgan shaxs onlayn tartibda o‘zi va dron haqida ma'lumotlar taqdim qilgan holda ariza berishi kerak. Ayni vaqtda bunday arizani berish bepuldir.

GCAA saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 5 kg gacha bo‘lgan dronlarga yashil parvoz hududi doirasida harakatlanishga ruxsat berilgan; parvozda bo‘lgan qurilmalar yordamida videoga yoki suratga olish taqiqlanadi; dronlar kunning yorug‘ paytida va yaxshi ob-havo sharoitida ucha olishi mumkin; birorta dron aeroportlar, vertodromlar, vertolyot maydonchalari, aerodromlar yoki BAA tomonidan nazorat qilinuvchi hududlarga 5 km dan yaqinroq masofaga yaqinlashmasligi kerak.

GCAA shuningdek agar dron qayta sotiladigan bo‘lsa, bu haqda mutassadi idorani xabardor qilish majburiyatini yuklaydi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid