Jahon | 08:35 / 02.02.2017
12306
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp Meksika prezidentiga armiya bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika rahbari Enrike Penya Neto bilan telefon orqali muloqotda “yomon yigitlarni” to‘xtatish uchun Amerika qo‘shinlarini jalb etish bilan tahdid qildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

“Sizlarda u yerda juda ko‘p yomon yigitlar bor. Siz ularni to‘xtatib qolish uchun yetarli narsa qilmayapsiz. O‘ylashimcha, sizning armiyangiz qo‘rqadi. Bizniki esa – yo‘q, shuning uchun men ularni bu borada g‘amxo‘rlik ko‘rsatishlari uchun yuborishim mumkin”, - deya go‘yoki ma'lum qilgan Tramp Meksika prezidenti bilan suhbatda.

Shu bilan bir qatorda, Amerika prezidenti aynan kimni “yomon yigitlar” deb ataganiga aniqlik kiritilmagan.

Tramp va Penya Netoning telefon suhbati haqida ma'lumot bergan agentlik manbasi o‘z nomini oshkor etishni istamagan. Agentlikning ta'kidlashicha, Meksika OAVlari ham shunga o‘xshash muloqot qismini taqdim etishgan.

Meksika tashqi ishlar vazirligi esa buni soxta deb atadi hamda aslida Tramp va Penya Neto muloqoti ijobiy kayfiyatda o‘tganini ta'kidladi. Oq uy bu borada izoh bermadi.

Agentlik Tramp “yomon yigitlar” iborasini avvalgi chiqishlarida ham ishlatganini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, Tramp Meksika prezidenti bilan 27 yanvar kuni telefon orqali muloqot qildi. Har ikki mamlakat yetakchilari suhbati taxminan bir soat davom etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid