Iqtisodiyot | 14:55 / 06.02.2017
7297
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Eronga sanksiyalarini kuchaytirishi neft narxini oshirmoqda

AQShning Eronga nisbatan sanksiyalari kuchaytirilgani ortidan jahon neft narxlari ham oshmoqda. Neft bozori savdosiga doir raqamlar shunday deyishga asos bo‘lmoqda. 

Toshkent vaqti bilan soat 10:18ga kelib, Brent navli neft aralashmasining aprel oyi uchun fyuchers savdolaridagi narxi 0,35 foizga qimmatlashib, bir barreli 57,01 dollardan sotilgan. WTI navining mart oyi fyuchersi ham 0,35 foizga ko‘tarilib, bir barreli 54,02 dollarni tashkil etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Eron 29 yanvarda ballistik raketa sinovini o‘tkazganiga javoban, Vashington Tehronga nisbatan ro‘yxatini kengaytirgan edi. 

Treyderlarning qayd etishlaricha, AQSh va Eron munosabatlaridagi keskinlikning kuchayishi Amerika sanksiyalarining yanada qat'iy tus olishidan darak berishi mumkin, deb xabar qiladi Reyter agentligi. Bu esa Eron neft eksportiga ta'sir qilishi ehtimol. 

Biroq, neftning qimmatlashuvi AQShning ushbu sohadagi faolligi bilan muvozanatga keltirilmoqda. Xususan, Amerikaning Baker Hughes neftgaz servis kompaniyasiga doir ma'lumotlar shunday deyishga asos bo‘lmoqda. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, 3 fevral holatiga binoan, AQShdagi neft qazib olish burg‘ulari soni 17taga yoki 2,4 foizga ko‘payib, jami 729taga yetgan. Yillik ko‘rsatkichda 158 ta yangi burg‘ilash uskunalari o‘rnatilgan. 

Mavzuga oid