Jahon | 10:12 / 06.02.2017
6310
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Rossiya, Turkiya va Eron Suriya masalasi bo‘yicha yig‘ilish boshladi

Foto: © RIA Novosti

Bugun, 6 fevral kuni Ostona shahrida Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha 23-24 yanvar kunlarida shu shaharda erishilgan kelishuvlar asosida yaratilgan tezkor guruhning ilk yig‘ilishi boshlandi.

Ostonada 23-24 yanvar kunlari Suriya masalasi bo‘yicha kafil mamlakatlar — Rossiya, Eron va Turkiya Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishi ustidan nazorat mexanizmini yaratishga kelishib olgandi. Kafil mamlakatlar o‘zlari e'lon qilgan bayonotda IShID va al-Nusraga qarshi kurashishda davom etish niyatlarini tasdiqlagandi.

Eron, Turkiya va Rossiya Suriya inqirozini tartibga solish uchun BMT ko‘magida Ostona platformasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Ushbu mamlakatlar, shuningdek, Suriyaning yaxlitligi va suverenitetini tasdiqladi.

RIA Novosti manbasi 5 fevral kuni ma'lum qildiki, uchrashuvda Rossiya, Turkiya, Eron, BMT hamda Iordaniyadan ekspertlar ishtirok etadi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad Suriyadagi nizo tomonlarining jangovar harakatlarni to‘xtatish rejimiga rioya qilishining borishini muhokama qilish, yarashuvning buzilishini nazorat qilish va buning oldini olish bo‘yicha choralar ishlab chiqish, Suriya hukumati va muxolifat o‘rtasida o‘zaro ishonchni oshirish, shuningdek, gumanitar hamkorlik masalalarini hal qilishdan iborat.

Mahalliy vaqt bilan 17:30 (Toshkent vaqti bilan 16:30) atrofida Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha xalqaro texnik uchrashuv natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid