Toshkent shahrida 18 yoshli qiz boshchiligidagi jinoiy guruh qo‘lga olindi
Farzand tarbiyasi kimlar uchundir xamirdan qil sug‘urgandek gap. Aslida-chi, u shu qadar jo‘n, soddami? Oilani tarbiya o‘chog‘i, deymiz. Uning bag‘rida farzand nafaqat unib-o‘sadi, balki jamiyat bilan munosabatga kirishishni o‘rganadi. Go‘yo kulol loyga shakl berib, mashaqqat ila undan turli-tuman ko‘za yasagani kabi ota-ona ham farzand tarbiyasida ana shunday mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tadi. Ota-onaning xislatu fazilatlari farzandning hayotga munosabati, tasavvurini shakllantirib boradi. Shu bois oila deb atalmish po‘lat zanjirning eng muhim halqasi ota-onadir.
Quyida so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mudhish jinoyatga ham oiladagi muhit sabab bo‘lgandir, balki... Ushbu jinoyat sodir etgan shaxslarning eng kattasi 23 yoshni qarshilagan bo‘lsa, kichigi endigina 18 yoshga to‘lgan. Voqea tafsilotlarini o‘qib, ko‘chada daydib yurgan bu yoshlarning ota-onalari ularni hech tergab turganmikan, degan o‘yga borishingiz tabiiy.
“Huquq” gazetasining yozishicha, Valeriya Borovskaya (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) endigina 18 bahorni qarshilagan. Biroq u hayotda to‘g‘ri yo‘ldan toyib, boshi berk ko‘chaga kirib qolganlardan ekan. Xullas, Valeriya Toshkent shahridagi kafelarning birida Viktor Nam ismli shaxs bilan tanishadi va uning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishidan xabar topib, mo‘may pul topishni maqsad qiladi. Ya'ni unda bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkiga egalik qilish fikri tug‘iladi. Biroq bu ishni bir o‘zi eplay olmasligiga ko‘zi yetib, rejasini amalga oshirish uchun tanishlari, muqaddam sudlanib, bu ishlarda “tajriba”ga ega bo‘lgan Akmal Norboyev, Yorqin Zokirov hamda Uchqun Sadriddinovlarni jalb qiladi. Ularni V.Namning uyida ko‘p miqdorda pul borligiga qiziqtiradi va bir guruhga birlashishadi. So‘ngra jinoiy guruh a'zolari o‘zaro vazifalarni kelishib oladilar.
Rejaga asosan, V.Borovskaya jabrlanuvchi V.Nam bilan uchrashish bahonasida uning uyiga kirib, o‘zi bilan yashirib olib kelgan pichoq yordamida uni o‘ldirishi kerak bo‘ladi. Agarda ish rejalashtirilgandek amalga oshmasa, tashqarida kutib turgan sheriklari A.Norboyev va Yo.Zokirovni xonadonga kiritib, birgalikda V.Namni o‘ldirib, uyidan pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketishlari lozim bo‘ladi. U.Sadriddinov esa sheriklari bilan doimiy aloqada bo‘lishni, xonadonga biror-bir kimsa yaqinlashganda, bu haqda xabar berishni zimmasiga oladi.
Tashqi qiyofasi qo‘hlikkina bo‘lgan Valeriya Viktorni allaqachon o‘ziga rom qilgandi. Shuning uchun ham Viktor uning uchrashuv belgilash haqidagi iltimosini rad eta olmadi. Qizning taklifiga ko‘ra uchrashuv V.Namning uyida belgilandi. O‘sha kuni V.Borovskaya sheriklari bilan birga V.Namning uyi oldida yig‘ilishdi. Kelishilganidek, A.Norboyev va Yo.Zokirov ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagida yashirinib, kutadigan bo‘lishdi. U.Sadriddinov esa tashqarida qoldi. Viktor tanishini hech narsadan gumonsiramay, ochiq chehra bilan kutib oldi. Qiz suhbat chog‘ida V.Namning e'tiborini chalg‘itdi va sumkasidagi pichoqni olib, uning bo‘yniga sanchdi. V.Nam jonholatda Valeriyaning qo‘lidan pichoqni tortib oldi va ochiq turgan derazadan boshini chiqarib, yordam so‘rab, baqira boshladi. Paytdan foydalangan V.Borovskaya xonadon eshigini ochib, sheriklari A.Norboyev va Yo.Zokirovni uyga kiritdi. A.Norboyev jabrlanuvchiga tashlanib, uni ura boshladi. V.Borovskaya bilan Yo.Zokirov esa pul va qimmatbaho buyumlarni qidirishga tushdi va 400 AQSh dollari hamda 80 ming so‘m topishdi. Jabrlanuvchining baqirig‘idan cho‘chigan jinoiy guruh a'zolari rejalarini oxiriga yetkaza olmay, voqea joyidan yashirindilar. Qolaversa, ko‘chada qolgan U.Sadriddinov IIB xodimlari kelayotgani haqida sheriklariga xabar berdi.
Jabrlanuvchi Viktor Namga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida V.Borovskaya va uning jinoiy sheriklari oradan ko‘p vaqt o‘tmay, qo‘lga olindi.
Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilib, hukm o‘qildi. Unga ko‘ra V.Borovskayaga 10 yil, A.Norboyevga 16 yil, Yo.Zokirovga 11 yil va U.Sadriddinovga 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
15:05
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024