Jahon | 13:52 / 10.02.2017
3565
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq bosh vaziri Trampdan muhojirlik farmonini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi

Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotda muhojirlik siyosatini qayta ko‘rib chiqish zarurati haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda ABC telekanali Iroq bosh vaziri ofisi bayonotiga asosan.

"Bosh vazir iroqliklarni AQSh hududiga kirish huquqi masalasini qayta ko‘rib chiqish va Iroqni muhojirlik farmonida tilga olingan davlatlar ro‘yxatidan chiqarib tashlash muhimligini ta'kidlab o‘tdi. Tramp bu muammo yechimini topishda o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar kerakligini ta'kidlab, bu masala yuzasidan davlat departamenti ishiga boshchilik qilishini ma'lum qildi", - deyiladi bayonotda. Bundan tashqari, Tramp va al-Obodi AQSh va Iroq o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashni ham muhokama qilishgan.

Hujjatga ko‘ra, Tramp al-Obodini AQShga taklif qilgan. Biroq, telekanalning ta'kidlashicha, bayonotda Iroq bosh vaziri Amerika prezidentining bu taklifiga qanday javob qaytarganiga oydinlik kiritilmagan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp “Mamlakatni xorijiy terrorchilardan himoyasi to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkandi. U mamlakatga yetti davlat (Iroq, Eron, Yaman, Liviya, Sudan, Suriya va Somali) fuqarolarini 90 kun davomida kiritmaslik, shuningdek barcha qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatib turish va Suriyadan bo‘lgan qochqinlarni qabul qilishni noma'lum muddatgacha taqiqlashni nazarda tutgan. 

3 fevral kuni esa Sietl federal sudyasi Jyeyms Robart Vashington va Minnesota shtatlari hukumatlarining farmonga nisbatan murojaatini ko‘rib chiqib, uning ijrosiga vaqtincha taqiq joriy qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid