Jahon | 08:42 / 11.02.2017
3482
2 daqiqa o‘qiladi

Falastin vakili AQSh sababli BMTning maxsus elchisi etib tayinlanmadi

AQSh BMT bosh kotibi tomonidan Falastinning sobiq bosh vaziri Salom Fayod nomzodini Liviya bo‘yicha maxsus elchi lavozimiga tayinlash taklifini rad etdi: AQShning yangi ma'muriyati uning nomzodi tayinlanishini Isroil bilan munosabatlar yaxshilanishga qaratilgan yo‘nalishga qarshi deb topdi.  

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh o‘z maktubida Xavfsizlik kengashini Fayodni BMTning Liviyadagi maxsus elchisi qilib tayinlash haqidagi rejasidan xabardor qilgan. Fayod Falastin hukumatiga 2007-2013 yillarda boshchilik qilgan.  

"AQSh Falastinning sobiq bosh vazirining BMTning Liviyadagi missiyasi rahbari etib tayinlash istagidan hafsalasi pir bo‘ldi. BMT Isroildagi ittifoqdoshlarimiz zarariga uzoq vaqt adolatsiz ravishda Falastinga yon bosib kelmoqda", deb aytilgan AQSh vakili bergan bayonotda.   

Vakilning aytishicha, AQSh Falastin davlatini tan olmaydi va shu sababli bu taklifni qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu bilan birga, AQSh Falastin-Isroil ixtilofini tartibga solish uchun tomonlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSh vakilining aytishicha, "AQSh ittifoqdoshlarini nafaqat gapda, balki amalda ham qo‘llab-quvvatlaydi".    

Fayod bu lavozimda germaniyalik Martin Koblerning o‘rnini egallashi kerak edi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid