Sport | 15:36 / 14.02.2017
5865
5 daqiqa o‘qiladi

Tuxel ko‘p narsa kutmaslikni so‘radi. «Borussiya» va «Benfika» uchrashuvi anonsi

Yevropa chempionlar ligasidan o‘rin olgan yana bir uchrashuv Lissabonda bo‘lib o‘tadi. Yevropaning eng kuchli 8 jamoasiga kim munosib ekanini aniqlab beruvchi o‘yin oldi voqelari bilan Tribuna.Uz sizni tanishtirib o‘tadi.

YeChL. 1/8 final
BeNFIKA – BORUSSIYa D

14 fevraldan 15 fevralga o‘tar kechasi 00:45. Lissabon. «Eshtadiu Da Luj» 
Bosh hakam: Nikola Ritstsoli (Italiya)
Translyatsiya: (Match! Futbol 1)

Agar pley-off o‘yinlari yangi yilga qadar o‘tkazilganida edi  «Borussiya»ning keyingi bosqichga chiqishiga hech kim shubha qilmagan bo‘lardi. Ammo hozirga kelib vaziyat keskin o‘zgargan. Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi fenomenal natijadan keyin dortmundliklar jamoasi o‘yinida pasayish kuzatilmoqda. 

Portugaliyaliklar atigi 8 ochko to‘plab pley-offga chiqib olgan bo‘lishlariga qaramay, hozirda o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Tuxel shogirdlari o‘yinidagi pasayishdan jamoa foydalanib qolishga urinishi tabiiy. «Burgutlar» pley-offda ishtirok etish bo‘yicha yaxshigina tajribaga ega. O‘tgan yili ham jamoa guruhni ikkinchi o‘rinda yakunlab, oxir-oqibatda chorak finalga qadar yetib borishni uddalagandi. Bu safar birinchi uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazish orqali ustunlikka ega bo‘ladigan lissabonliklar ketma-ket ikkinchi marta Yevropaning eng yaxshi 8 jamoasi safiga kirishi mumkin bo‘ladi.

O‘yin oldidan
«Benfika»

Uchrashuvga «Benfika» yaxshi kayfiyatda yetib kelmoqda. Yanvar oxiridagi ikki muvaffaqiyatsiz o‘yindan (chempionatda «Vitoriya Setubal»ga imkoniyat boy berildi. «Moyyerense» liga kubogida «Benfika»ni musobaqadan chiqarib yubordi) so‘ng jamoa yana o‘ziga keldi va ichki chempionat doirasidagi ikkita uchrashuvda ham bir xil 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Rui Vitoriya shogirdlari Portugaliya chempionatida peshqadamlik qilish davom etmoqda. Hozirda yaqin ta'qibchisi «Portu» ulardan bir ochko ortda qolayapti. Azaliy raqib «Sporting» esa ancha ortda qolib ketgan.

«Borussiya» D

Germaniya chempionatidagi g‘alati mavsum chempionat favoritlardan biri sanalgan Dortmund klubiga ham zarar keltirishga ulgurgan. Jamoa bundesliga doirasidagi so‘nggi 7 uchrashuvning bor-yo‘g‘i ikkitasida g‘alaba erishgan xolos. Dormtundliklar jamoasi Germaniya kubogi doirasidagi uchrashuvda o‘z uyida «Herta»ni faqatgina penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etishni uddaladi. Tomas Tuxelning o‘zi ham jamoasidan juda ko‘p natija kutib yubormasliklarini so‘ragani ko‘p narsadan dalolat berib turibdi.

O‘zaro o‘yinlar

Ikki jamoa shu kunga qadar faqat ikki marta to‘qnash kelgan. Bundan deyarli 54 yil muqaddam aynan shu musobaqaning 1/8 finalida ikki jamoa o‘zaro uchrashgan. Hali turnir Chempionlar kubogi nomi bilan yuritiladigan o‘sha mavsumda 1/4 final yo‘llanmasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Borussiya» qo‘lga kiritgan. «Benfika»da 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan nemislar, o‘z uyida raqib darvozasiga javobsiz beshta gol yo‘llagan. Demak, o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha tenglik: 2 o‘yin, bittadan g‘alaba. To‘plar nisbati bo‘yicha esa dortmundliklar ustun: 6-2.

Yo‘qotishlar
Yo‘qotishlar bo‘yicha vaziyatni teng baholash mumkin. Ikkala jamoada ham 2 nafardan futbolchining maydonga tusha olmasligi aniq bo‘lib ulgurgan. Jarohati sababli «Borussiya» futbolchilari Sven Bender va Mario Gyottse, «Benfika»dan Lisandro Lopes  maydonga tusha olmaydi. Andriy Jivkovich esa («Benfika») diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

Taxminiy tarkiblar
Benfika:
Ederson Morayes, Luizao, Viktor Lindelyof, Elizeu, Nelsino, Lyubomir Feysa, Andre Karrilo, Eduardo Salvio, Pitstsi, Jonas, Kostas Mitro‘g‘lu
Borussiya D: Roman Byurki, Mark Bartra, Sokratis Papastatopulos, Lukash Pishchek, Marsel Shmeltser, Rafael Gerreyru, Gonsalo Kastro, Yulian Vaygl, Marko Roys, Usmon Dembele, Per-Emerik Obameyang.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid