AQSh Fathulloh Gulenning maktablariga 60 million dollar ajratdi
AQSh hukumati Fathulloh Gulen (FETÖ) oqimidagi yettita charter maktabiga (charter maktabi – davlat tomonidan moliyalashtiriluvchi, biroq xususiy mablag‘larni ham jalb etuvchi maktab. U “charter” deb nomlanuvchi shartnoma bo‘yicha ishlaydi) 60 million dollardan ortiq moliyaviy yordam taqdim etdi. Ular Nyu-Jyersi shtatida faoliyat ko‘rsatadi.
Amerika OAVi ma'lumotiga ko‘ra, yordam pullari soliq to‘lovchilar mablag‘i hisobidan ajratilgan.
Record va NorthJersey.com nashrlari ushbu o‘quv muassasalarining bir qator ta'sischilari siyosatchilar kampaniyalariga yuz minglab dollarlarni xayriya tariqasida o‘tkazib berishganiga alohida e'tibor qaratdi.
Xususan, Nyu-Jyersidagi Paterson ilmiy-texnik maktabi (FETÖ maktablaridan biri)ning sobiq rahbari va turk-amerika assotsiatsiyasi kengashi raisi Furkan Ko‘sharlar Barak Obamaning 2012 yilgi saylovoldi kampaniyasiga 500 ming dollardan ortiq mablag‘ni ajratishgan.
Bundan tashqari, AQShdagi charter maktablarining ba'zi ta'sischilari Nyu-Jyersi shtati hukumatining qo‘llab-quvvatlovidan umid qilib Turkiyaga bepul safarlar tashkillashtirishgan.
Ma'lumot uchun, Fathulloh Gulenning tashkilotiga a'zo bo‘lgan Turkiya qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari guruhi 15-dan 16 iyulga o‘tar kechasi mamlakatda hokimiyatni qurol yordamida egallab olishga harakat qildilar. Ularning bu urinishi mamlakat rahbariyati va huquq-tartibot organlarining tezkor hamda sovuqqon harakati tufayli amalga oshmadi. Ro‘y bergan hodisa oqibatida 240 nafardan ortiq inson halok bo‘ldi.