Jamiyat | 09:25 / 16.02.2017
7660
2 daqiqa o‘qiladi

Bu qiziq: Rimda dorixona o‘g‘risini poyabzal bog‘ichidan aniqlashdi

Olti yildan so‘ng, o‘rgangan ko‘ngli tinchlik bermagan o‘g‘ri temir stul bilan qurollangan farmatsevtdan qochishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Rim shahri politsiya boshqarmasi xabar qilmoqda. 

Yaqinda o‘g‘rilik sodir etgani uchun olti yillik jazodan qutilgan o‘g‘ri shaharning janubi-sharqida mayda o‘g‘rilikning rejasini tuzdi. Odatda u supermarketlar va dorixonalarni ko‘z ostiga olar edi. Bu safar ham odatiga xilof ish qilmadi. Aftidan, navbatdagi qilmishi o‘xshamagani sababli 45 yoshli o‘g‘ri yana qamoqqa boradigan ko‘rinadi. 

Politsiya boshqarmasi namoyish qilgan videolavhada yuziga niqob taqib olgan kishi pichoq bilan dorixonaga kiradi. Farmatsevt bunga zudlik bilan javob qaytaradi. U kassani yopib, og‘ir temir stulni ko‘tarib, o‘g‘riga bir nechta zarba bergan. Dorixonachiga kutilmaganda kirib kelgan mijoz ham yordam beradi. U jinoyatchiga tashlanib, polga ag‘daradi. 

Alaloqibat, omadsizlikka duch kelgan va yuzidagi niqobi ham tushib ketgan o‘g‘ri bir necha kundan so‘ng, politsiyachilarning qo‘liga tushdi. Uni aniqlashda, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, krossovkalaridagi yorqin tusli bog‘ichlar yordam bergan. 

Jinoyatchi qilmishiga iqror bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, 6 yil muqaddam u ayni dorixonaga hujum qilgan. 

Mavzuga oid