Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hatto VIP tariflar ham bo‘lgan: Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi vizalarni qanday pullagan?
Diplomat Piergabriyele Papadia va uning yordamchisi Tatyana Tarakanovalar Shengen vizasini pullaganlikda ayblanib, qamoqqa olingan. Bor-yo‘g‘i 1 yil ishlagan sobiq elchi kamida 95 nafar Rossiya fuqarolariga noqonuniy ravishda viza berishga ulgurgan. Biznes sxema ichiga Moskvadagi sayyohlik firmalari ham kiradi. Sobiq elchi tekshiruv vaqtida “duduqlanib qolgan”.
Pul evaziga Shengen vizasi, to‘lov qiymati bitta viza evaziga 4 ming yevrodan 16 ming yevrogacha. Asosiy xaridorlar esa albatta ruslar, viza olish uchun elchixonaga kelish ham shart emas, VIP tariflar taqdim etiladi. Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Piergabriele Papadia de Bottini o‘z yordamchisi bilan noqonuniy biznes sxemasi yaratib, Shengen vizalarini sotishda ayblanmoqda hamda hozir ularning ikkalasi Rimda qamoqqa olingan.
2024 yilning 2 dekabr sanasida 56 yoshli Piergabriele Papadia de Bottini Italiyaning O‘zbekistondagi Toshkentda joylashgan elchixonasiga rahbar bo‘ldi. Bu bilan u viza idorasi boshqaruvini ham qo‘lga oldi. Aynan o‘sha vaqtda, ya’ni dekabr oyining o‘rtalarida janob elchi Bolgariyada yashovchi, Italiya fuqaroligiga ham ega 53 yoshli rossiyalik Tatyana Tarakanovani ham jamoasi tarkibiga qo‘shib oladi.
Ma’lumot sifatida aytish kerakki, Tarakanova va Papadia ilgari Moskvadagi Italiya konsulligida birga ishlashgan. Juftlik elchixonadan turib, viza sotganlikda ayblanmoqda. Diplomat allaqachon hibsda, Rim politsiyasi juftlikni qo‘lga olgan.
Italiya politsiyasi sobiq elchini O‘zbekistondagi mamlakat elchixonasidan noqonuniy Shengen vizasi sxemasini boshqarganlikda ayblab hibsga oldi. Bu haqida italyan matbuoti o‘tgan hafta juma kuni xabar chiqardi.
La Repubblica gazetasining yozishicha, Rim prokuraturasi Italiyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Piergabriele Papadia de Bottini va uning sherigi Tatyana Tarakanovani noqonuniy immigratsiyani osonlashtirishga yordam berganlik va rasmiy vazifalarini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq korrupsiyaga aloqadorlik ayblovlari bo‘yicha tergov qilmoqda.
Italiya moliya politsiyasi Rimdagi tergovchi sudya Annaliza Marzano buyrug‘i bilan elchi va uning o‘ng qo‘lini ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa oldi.
Tergovchilarning ta’kidlashicha, sobiq elchi va Tatyana Shengen hududiga kirish talablariga javob bermaydigan Rossiya fuqarolariga 4000 yevrodan 16000 yevrogacha to‘lovlar evaziga uzoq muddatli sayyohlik vizalarini berish tizimini yaratgan.
Tergovchilarga shuningdek, sobiq elchining maqsadi pul ishlash bo‘lganini gapirmoqda. Ular elchi og‘zidan pul kerak deb yozilgan audiosuhbatlarga ega ekanini bildirmoqda.
Keyinchalik Papadia tergovchilarga bu yozuvlarni "kontekstga moslashtirish kerakligini" aytgan.
Tergovchilar ayni dam taxminan yana 400 ta viza hujjatlarini ko‘rib chiqmoqda va ularning hammasi Papadia bilan bog‘liq. Shuningdek, taxminan 3 million yevroga baholangan aktivlar ham tekshiruvdan o‘tyapti.
La Repubblisa nashrining yozishicha, diplomat va uning yordamchisi viza olish uchun maxfiy VIP tariflarini ham joriy qilgan. Vizalar kamida 1 yildan 3 yilgacha muddatga berilgan.
Tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Unda Moskvada joylashgan uchta sayyohlik agentligi: Happy Travel, Visa4you va Park Lane ishtirok etgan, ularning barchasi bir xil manzilda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi ushbu agentliklarga murojaat qilgan va keyinchalik zarur viza talablariga javob bermasdan, masalan, konsullik okrugida yashash huquqisiz, ya’ni O‘zbekistonda yashamasdan turib yoki ariza beruvchi tomonidan imzolangan hujjatlarsiz, konsullikda jismonan hozir bo‘lmasdan vizalarni olib, Italiyaga kirgan.
Arizalar agentliklar orqali yuborilgan va hozirgacha tergovlar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi so‘rovlar gumondorga Telegram orqali ham yuborilgan: hatto ro‘yxatga ham olinmagan.
Xo‘sh, prokuratura bundan qanday xabar topdi? Ma’lum bo‘lishicha, tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining Bosh inspeksiyasi 2025 yil 23 iyulda elchixonaga keladi. Tekshiruvchilar missiyasi qo‘liga tushgan viza arizalarida aynan elchi Papadianing bevosita aybi bilan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar aniqlanadi. Elchi o‘sha arizachilar ismi ustiga OK, keyin esa o‘z ismi bosh harflarini yozib chiqqani ma’lum bo‘ladi.
Vazirlik tekshiruvi davomida ko‘rib chiqilgan 92 ta arizadan 81 tasida viza so‘ragan Rossiya fuqarolarining ismlari elchixona kirish reyestrida yo‘q bo‘lib chiqadi, bu ularning hech qachon o‘zlarini shaxsan taqdim etmaganliklaridan dalolat beradi.
La Repubblisa nashrining qo‘shimcha qilishicha, Papadia bilan 2014 yildan beri tanish bo‘lgan Visa Consord Travel kompaniyasi 2025 yilning yanvar-iyun oylarida Tarakanovaning Bolgariyadagi bank hisob raqamiga 23 600 yevro pullarni o‘tkazib beradi.
Ha, diplomatiyadagi eng oliy rang egasi bo‘lishiga qaramay, elchilar ishtirokidagi jinoyatlar tez-tez uchrab turadi. Masalan, 2023 yilda AQShning Boliviyadagi elchisi Kubaga ishlagan agent sifatida qo‘lga tushirilgan edi. Bu AQSh diplomatiyasi tarixidagi eng katta josuslik ishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Yoki portugaliyalik diplomat Viktor Manuel 2024 yilda odam savdosi hamda noqonuniy migratsiya sxemalari bo‘yicha jinoiy ishda tergovga chaqirilgan.
Hindistonlik diplomat Ravi Thapar esa Yevropada odam savdosi hamda ekspluatatsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan, bu katta mojaroni yuzaga keltirgan. Bunday misollarni davomli keltirish mumkin.
Vaziyat yuzasidan munosabat olish uchun Kun.uz Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘landi. Jamoatchilik bilan aloqalar departamenti ish tergovda ekani va sudga oshirilishi sabab hozir bu diplomatik idora biror nima deyishga haqli emasligini bildirdi.
Mavzuga oid
07:22 / 09.05.2026
Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rimda hibsga olindi
18:23 / 22.04.2026
Solovyov Italiya bosh vazirini haqoratladi
21:33 / 31.03.2026
Italiya AQShning Yaqin Sharqqa uchayotgan samolyotlari Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi
08:56 / 30.03.2026