Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaliklar uchun Italiya vizasi olish yanada qiyinlashdi
Italiyaning Rossiyadagi VMS va AlmavivA viza markazlari endi hujjatlarni vositachilar orqali qabul qilishni to‘xtatdi. Bu qaror Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pergabriele Papadia de Bottini di Sant-Aneze bilan bog‘liq mojarodan keyin qabul qilindi.
Endi rossiyaliklar viza olish uchun hujjatlarni shaxsan topshirishi, pasport va onlayn ro‘yxatdan o‘tganlik tasdig‘ini ko‘rsatishi shart bo‘ladi. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ma’lumotiga ko‘ra, faqat ayrim akkreditatsiyalangan turfirmalarga istisno saqlab qolingan. Biroq buning uchun mehmonxona, aviachipta va sug‘urtani o‘z ichiga olgan to‘liq turpaket sotib olish talab qilinadi.
ATOR fikricha, yangi cheklovlar rossiyaliklarning yozgi mavsumda Italiyaga safarlarini qiyinlashtirishi mumkin. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Moskva va Moskva viloyatida yashovchilar viza markaziga iyun oxirigacha navbat ololmasligi mumkin. Hududlardagi fuqarolar esa iyulgacha kutishga majbur bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Viza ko‘rib chiqish muddati bilan birga jarayon to‘rt oygacha cho‘zilishi mumkin. Shuningdek, hujjatlar avvalgidan ham qattiqroq tekshirilishi aytilmoqda.
ATOR ma’lum qilishicha, 12 may kuni talab keskin oshgan paytda ayrim vositachilar hujjat topshirish xizmatlari uchun 100 ming rublgacha narx so‘ragan. Keyinchalik bu takliflar bekor qilingan.
Bir necha kun oldin Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pergabriele Papadia de Bottini di Sant-Aneze hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Tergov versiyasiga ko‘ra, u rossiyaliklarga shengen vizalarini noqonuniy tarzda olishga yordam bergan.
56 yoshli diplomat va uning yordamchisi Tatyana Tarakanova qo‘shimcha 4 mingdan 16 ming yevrogacha pul evaziga hujjatlari talablarga javob bermaydigan rossiyaliklarga uzoq muddatli shengen vizalarini rasmiylashtirib bergani aytilmoqda.
Italiyaning Il Fatto Quotidiano va La Repubblica nashrlari xabariga ko‘ra, shu yo‘l bilan kamida 95 nafar rossiyalik Italiyaga noqonuniy kirgan bo‘lishi mumkin.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sxemaga Moskvadagi uchta turfirma jalb qilingan. Ayrim viza arizalari Telegram orqali qabul qilinib, rasmiy tartiblardan tashqari rasmiylashtirilgan.
Qonunbuzarliklar 2025 yil iyulida aniqlangan. Hozirda tergovchilar 400 ga yaqin viza ishini va Papadiaga tegishli taxminan 3 million yevrolik aktivlarni tekshirmoqda. Diplomat esa bu mablag‘larni meros orqali olganini aytmoqda.
Papadia 2012–2017 yillarda Italiyaning Moskvadagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan. Uning yordamchisi Tatyana Tarakanova ham o‘sha paytda konsullikda faoliyat yuritgan. 2024 yil dekabrida Papadia O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxona rahbari etib tayinlanganidan keyin, Tarakanova ham uning yordami bilan Toshkentdagi viza bo‘limiga ishga joylashgan. 2025 yil dekabrida esa Papadia lavozimidan chetlatilgan.
Mavzuga oid
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
22:05 / 29.05.2026
Italiya hukumati Sitsiliya mafiyasining millionlab yevro aktivlarini musodara qildi
08:53 / 19.05.2026
O‘zbekistonliklar Italiya fermer xo‘jaliklarida ishlashi mumkin bo‘ladi
15:48 / 14.05.2026