Jahon | 18:38 / 16.02.2017
8404
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Qora dengizdagi pozitsiyasini mustahkamlaydi

Foto: Flickr/ Official U.S. Navy Page

NATOga a'zo-davlatlar mudofaa vazirlari Qora dengizda harbiy-dengiz pozitsiyalarini kuchayish haqida qaror qabul qilishdi. Uning doirasida mintaqadagi vaziyat haqida ma'lumotlar yig‘ish harakatlari faollashtiriladi, deb ma'lum qildi alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

"Bugun biz bu ish doirasida ikkita qo‘shimcha chorani qabul qilishga kelishib oldik. Bularga NATOning Qora dengizda mashqlar sonini oshirish va vaziyatdan yaxshiroq boxabar bo‘lish bo‘yicha harbiy-dengiz jihatdan pozitsiyani kuchaytirish hamda bizning doimiy harbiy-dengiz guruhlarimizning boshqa ittifoqdoshlar bilan o‘zaro aloqasini muvofiqlashtirish kiradi", - dedi Stoltenberg jurnalistlarga.

Uning fikricha, Rossiya bilan muloqotni kuch pozitsiyasidan kelib chiqib va “bosib turish” uslublaridan foydalangan holda olib borish kerak. Bu g‘arb davlatlari tomonidan sovuq urush paytida qo‘llanilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa NATO Rossiyani asosiy xavf deb hisoblashi, shuning uchun harbiy pozitsiyani kuchaytirmoqchi ekanini ta'kidlab o‘tdi.

"O‘tgan yilning iyul oyida Varshavada bo‘lib o‘tgan NATO yig‘ilishida Rossiya 1989 yildan beri ilk bor alyans uchun asosiy tahdid deb tan olindi, uni “bosib turish” esa NATOning yangi missiyasi deb rasman ma'lum qilindi. Shu maqsadda blokni yanada kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu avval ham kuzatilgan, ammo endi ularning fikricha, buning uchun ishonchli sabablar topildi", - dedi Putin.

Prezidentning ta'kidlashicha, alyansga a'zo-davlatlar Rossiyaga qarshi doimiy fitna uyushtirmoqda va uni mojaroga jalb qilishga intilmoqda.

Rossiyaning NATOdagi doimiy vakili Aleksandr Grushko esa dekabr oyida alyansning Qora dengizidagi pozitsiyasini kuchaytirish bosimni oshirib, mintaqadagi xavfsizlikka salbiy ta'sir ko‘rsatishi haqida ma'lum qildi.

Mavzuga oid