O‘zbekiston | 14:24 / 17.02.2017
18431
6 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda sayyor qabulxona

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi instituti fuqarolik jamiyatining noyob modeli bo‘ldi. Aholining o‘zi yashab turgan joydan Prezidentning vakolatli vakili orqali bevosita Davlat rahbariga murojaat qilish, taklif kiritish imkoniyati yaratildi. Hali siyosatchi, tarixchi va tadqiqotchilar davlat qurilishidagi bunday ilgari hech qayerda uchramagan omil xaqida o‘z fikrlarini aytarlar. Lekin barcha darajadagi muloqot imkoniyati har qanday demokratik tamoyilning yuksak ko‘rinishiga mosdir.

Marg‘ilon shahrida sal kam uch yuz ming aholi yashaydi. Tabiiyki, xalq qabulxonalari orqali ularning ham u yoki bu muammolari hal etilmoqda.

– Xizmat ko‘rsatish, huquqni muxofaza qilish idoralari rahbarlari eshiklari ham hamisha ochiq, - deydi “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi raisi Turg‘unboy Nishonov. – Bundan tashqari, shahar prokurori Akmalxo‘ja Mavlonov tashabbusi bilan sayyor qabulxona ham tashkil etildi.

Biz Marg‘ilonga kecha, payshanba kuni kelganimizda maxsus jihozlangan avtobus Toshloqtepa mahallasiga yo‘l olgan ekan. Unda shaharning prokurori, IIB boshlig‘i, aholiga xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, jamoat tashkilotlari rahbarlari bor edi. 

Katta zalga yig‘ilgan uch yuz chog‘li aholi bilan dastlab jinoyatchilikning oldini olish, aholi huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan hayotiy misollar, qonuniy hujjatlarga asoslangan samimiy muloqot bo‘ldi.

- Men Marg‘ilonda ba'zi sabablarga ko‘ra ikki yil bo‘lmadim. Kelsam dadamdan qolgan uyni singlim o‘z nomiga rasmiylashtirib olibdi. Uning menga tegishli qismini qaytarib olib bersangiz, - deb murojaat qildi N.ismli ayol (uning sha'nini hurmat qilgan holda ismini oshkor etmadik).

- Balki otangiz vasiyat qilgandir? – savolga savol tug‘ildi.

- Bilmasam ...

Shu yerda ishtirok etayotgan kadastr, notarial idora xodimlari ayol murojaati mohiyatini o‘rganib masalaga oydinlik kiritish va qonuniylikni ta'minlash choralarini ko‘rish majburiyatini oldi.

- Ko‘chamizda suv tarmog‘i ta'mirlanayotgan edi. 35 xo‘jalik ichimlik suvidan uzib qo‘yildi... 

Mo‘sojon ota Niyozovning bu murojaatiga ham huquqiy yechim bor ekan. Prokuror shaharda ta'mirlash ishlari yakunlangunga qadar suvoqova idorasining toza ichimlik suvi yetkazib beradigan maxsus avtomashinasi har kuni shu ko‘chaga kelib turishini o‘z nazoratiga oldi.

Uy–joy ajratish, plastik kartochka terminallari yetishmasligi, nogironlarning huquqlari kabi bir qator savollarga qonun va me'yoriy hujjatlar asosida tushuntirish berildi.

- Ilgari prokuror kim, melisa boshlig‘i kim tanimas ham edik. Mana endi ular xalq ichiga kirib, ularni tinglab, amaliy yordam berib yuribdi. Bu ishlar tashkilotchisi davlatimiz rahbariga rahmat, - dedi biz bilan suhbatda mahalla oqsoqollaridan biri Abdulaziz aka O‘lmasov.

Darhaqiqat, sayyor qabulxona uchun endi ish boshlangan edi.

- Marg‘ilonda 56 ta mahalla bor. Prokuror so‘roviga ko‘ra faollar har bir ko‘chadagi bemor, nogiron ammo arzi bor shaxslarni aniqlab ro‘yxatga oldi. Tashkil etilgan sayyor qabulxona jadval asosida mahallalarga bormoqda, - deb izoh berdi bizga “Mahalla” jamg‘armasi shahar bo‘limi raisi Muhammadali Isoqov.

Birinchi guruh nogironi Muxtorjon ota Abdusattorov aravacha masalasida murojaat qilmoqchi ekan. Uning xonadoniga sayyor qabulxonaning “kutilmagan” odamlari kutilgan sovg‘ani olib kelganida otaning ko‘zlariga yosh keldi. Duoga qo‘l ochib O‘zbekistonimizga tinchlik, ravnaq, davlatimizga yuksak nufuz tiladi.

Kam ta'minlangan Abdurasul Kamolov xonadonini chaqirib borib “Xalq banki”ning ikki yillik imtiyozli krediti asosida emlangan tovuqlar va dastlabki haftalarga yetgulik ozuqasini berishdi.

- Tovuqlarning tuxum tug‘ish darajasi 90 foizni tashkil etadi, - dedi sayyor qabulxona vakili Muhammadjon Hamdamov. – Mana bu telefonlarimiz. Biron maslahat kerak bo‘lsa kecha-kunduz so‘rayverasiz.

Xonadon sohibasi Odina Kamalova quvonchini yashira olmadi.

- Endi qo‘ni-qo‘shnilar ham bozorga bormaydilar, tuxum olgani...

Muqimjon otaning ikki yoshli nabirasi Muhammadtolip og‘ir kasallikka chalingan ekan.

- Bularni Alloh yetkazdi, bizga, - deydi otaxon. – Zora nabiram shifo topsa...

Sayyor qabulxona bemor xonadoniga darhol tegishli soha shifokorlarini chaqirdi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra uni ixtisoslashgan klinikaga yotqizib davolashga qaror qildilar.

Muhammadtolipning onasi Maqsudaxon Jabborova umid bilan shifokorlarga ergashdi.

Kun kech bo‘ldi. Lekin ko‘chalarda sayyor qabulxona kelganini eshitgan, ko‘rganlar xam ularga murojaat qilaverar edilar.

 

Kun.uz muxbiri Muhammadjon Obidov

 

Mavzuga oid