Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Top-20: Eng yuqori daromad oluvchi sportchilar
O‘z ustida tinimsiz ishlab, yuqori daromad oluvchi professional sportchilar doim muxlislar ardog‘ida bo‘lgan. InsiderPro eng yuqori daromad oluvchi 20 sportchi ro‘yxatini taqdim etdi.
Maykl Jordan

O‘z karerasi davomida 1,7 milliard dollar ishladi
MBAning buyuk basketbolchisi 15 mavsum davomida 93 million dollar ishladi. Bu vaqt davomida u “Chikago Bullz” va “Vashington Uizards” jamoalari tarkibida o‘yinga tushdi. Hozir esa u birgina Nike brendining o‘zidan yiliga 100 million dollar ishlaydi. So‘nggi moliyaviy yil ichida Jordanning nomi kompaniyaga 2,8 milliard dollar olib keldi.
Tayger Vuds

O‘z karerasi davomida 1,65 milliard dollar ishladi
Shu oy, umurtqa pog‘onasidagi jarrohlik amaliyotidan bir yil o‘tib, Tayger Vuds maydonga qaytdi. Vuds — barcha davrlarning eng yetakchi va omadli golfchilaridan biri. Hozir uning daromadi eng yaxshi paytlardagiga nisbatan 50 foizga tushgan, biroq so‘nggi yilda, hattoki o‘yindan tashqarida “Meyjor” turnirlarining 14 karra g‘olibi 45 million dollar ishlab topishga muvaffaq bo‘lgan.
Arnold Palmer

O‘z karerasi davomida 1,35 milliard dollar ishladi
Golfchi Arnold Palmer sentabr oyida yurak sohasidagi muammolar sabab hayotdan ko‘z yumdi. Umrining oxirgi yillarida u muxlislar armiyasi, hamkorlar hamda Osiyodagi brend kiyim va poyabzallar bilan savdo qiluvchi 500 ta do‘kon yordamida yiliga 40 million dollar ishladi.
Jyek Niklaus

O‘z karerasi davomida 1,15 milliard dollar ishladi
Niklausning golf uchun maydonlar yaratish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi 41 mamlakat va 39 shtatdagi 400 obektni loyihalashtirdi. 298 maydon uchun Niklausning shaxsan o‘zi javob bergan. Bugungi kunda uning firmasi dunyoning 19 mamlakatida 57 maydon ustida ishlamoqda.
Mixael Shumaxer

O‘z karerasi davomida 1 milliard dollar ishladi
Formula-1 poygalarining yetti karra chempioni — Forbes jurnali versiyasi bo‘yicha so‘nggi chorak asr davomida eng yuqori daromad oluvchi sportchilar ro‘yxatining birinchi pog‘onasiga erishgan olti sportchidan biri. U 1999 va 2000 yillarda birinchi raqamli sportchi bo‘lgan. Bir necha yil o‘tib, Ferrari bilan hamkorlik avjida bo‘lgan paytlar Shumaxer yiliga 80 million dollar ishlab topgan.
Kobi Brayant

O‘z karerasi davomida 770 million dollar ishladi
O‘tgan yili Kobi Brayant jamoaviy sport turlari tarixidagi eng yuqori haq to‘lanuvchi sportchi sifatida o‘z karerasiga yakun yasadi. “Los-Anjyeles Leykers” uchun o‘ynagan so‘nggi olti o‘yin mavsumida u MBAning boshqa o‘yinchilaridan yuqori daromad olgan.
Floyd Meyvezer

O‘z karerasi davomida 765 million dollar ishladi
“Pullar” laqabini olgan bokschi sport tarixidagi moliyaviy nuqtai nazardan uch eng yirik musobaqada qatnashgan (Oskar De La Xoyya, Saul Alvares va Menni Pakyao bilan bo‘lgan janglar). Pakyao bilan o‘tkazilgan jang unga 600 million dollar daromad keltirgan, yengilmas Meyvezer esa undan 240 million dollar ishlab olgan.
Fil Mikelson

O‘z karerasi davomida 760 million dollar ishladi
So‘nggi 10 yilda Mikelson golf olamidagi ikkinchi eng daromadli o‘yinchi bo‘lgan, biroq o‘tgan yili u nihoyat Tayger Vudsni yengib, birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Fanatlar uni juda yaxshi ko‘rishadi, Callaway, Barclays, KPMG va Rolex kabi hamkorlari ham uning xizmatlarini yuqori baholashadi. Sportchi-uchuvchi o‘zining 60 million dollarlik Gulfstream V samolyotini boshqaradi.
Devid Bekxem

O‘z karerasi davomida 730 million dollar ishladi
Bekxem katta sportdan ketganidan keyin ko‘proq pul ishladi. Futbol maydonidan tashqaridagi birinchi yilida (2014 yil) u 75 million dollar ishlab oldi. Bekxem o‘z muallifligidagi shotland viskisini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, Haig Club’da ishladi va hatto Global Brands Group bilan butun dunyo bo‘ylab Bekxem brendi ostidagi iste'molchi tovarlarni sotishga kelishdi.
Shakil O'Nil

O‘z karerasi davomida 700 million dollar ishladi
Basketbolchilar orasida faqat Kevin Garnett va Kobi Brayantgina Shakil O'Nildan ko‘proq pul topishga muvaffaq bo‘lishgan. U 19 yil ichida 292 million dollarga ega bo‘lgan (inflatsiyasiz). O‘tgan yili O'Nil o‘zining Shaq biznesidagi ulushini Authentic Brands Group kompaniyasiga sotdi.
Mayk Tayson

O‘z karerasi davomida 685 million dollar ishladi
Tayson o‘zining ringdagi karerasi davomida 400 million dollar ishlab oldi (inflatsiyani hisobga olmaganda), biroq 2003 yilda ko‘p yillik nazoratsiz sarf-xarajatlardan keyin u o‘zini bankrot deb e'lon qildi. O‘shandan buyon u bor-yo‘g‘i ikki martagina jangda ishtirok etdi va Denni Uilyams hamda Kevin Makbraydlarga mag‘lub bo‘ldi.
Greg Norman

O‘z karerasi davomida 680 million dollar ishladi
Greg Normanning ishbilarmonligi ko‘p sohalarda namoyon bo‘lgan: u ichimliklar, ko‘chmas mulk, optika, qarz krediti, liboslar, restoranlar va boshqalar. O‘tgan yili uning golf maydonlarini loyihalashtiruvchi firmasi o‘zining yuzinchi shartnomasini nishonladi.
Lebron Jyeyms

O‘z karerasi davomida 640 million dollar ishladi
Har yili 30 million dollar olib keluvchi Cavaliers bilan yangi shartnoma va 1 milliard dollar keltirishi kutilayotgan Nike bilan umrbod bitim (kompaniyaning birinchi muddatsiz shartnomasi)ni hisobga oladigan bo‘lsak, Jyeymsning daromadlari milliard ko‘rsatkichiga qarab bormoqda.
Krishtianu Ronaldu

O‘z karerasi davomida 620 million dollar ishladi
Kelasi oyda FIFAning uch karra “yil o‘yinchisi” bu nomga to‘rtinchi marta erishishi ehtimoli yuqori. Bu yili Ronaldu eng yuqori haq oluvchi sportchi deb topildi: iyun oyida yakunlangan moliyaviy yil davomida u 88 million dollar ishladi. Kelasi yili u 100 million dollar ishlashi kutilmoqda, zero futbolchi “Real Madrid” klubi bilan yangidan shartnoma tuzdi va Nike brendi bilan umrbod bitim imzoladi.
Rojyer Federer

O‘z karerasi davomida 600 million dollar ishladi
O‘zining professional karerasi boshi – 1998 yilda Katta dubulg‘a seriyasidagi turnirlarning 17 karra g‘olibi 99 million dollar ishladi (inflatsiyani hisobga olmaganda). Shunisi qiziqki, u reklama shartnomalari va hamkorlikdan bundan to‘rt karra ko‘p pul ishlab oldi. Federer anchadan beri Nike, Wilson, Credit Suisse, Mercedes-Benz, Rolex kabi brendlar bilan hamkorlik qilib keladi.
Aleks Rodriges

O‘z karerasi davomida 600 million dollar ishladi
Avgust oyida “Nyu-York Yankiz” yoshlarni jalb qilish uchun Rodrigesni maydonga tushirdi. Bu buyuk beysbolchi karerasining intihosi bo‘lgan taqdirda ham uning hisobida 696 xoum-ranlar qoladi. Boz ustiga Rodriges beysbol tarixidagi eng yirik (250 million dollar) shartnomalardan birini imzolagan.
Lionel Messi

O‘z karerasi davomida 520 million dollar ishladi
2004 yildan buyon o‘z davrining buyuk futbolchisi “Barselona” bilan sakkiz marta shartnoma imzoladi, shartnoma yangilangan sari uning summasi oshaveradi. So‘nggisining shartiga ko‘ra, u bunday xizmatlari uchun munosib bonuslar olishi kerak, masalan, “FIFA oltin to‘pi”. “Yil o‘yinchisi” nomiga egalik qilish bo‘yicha esa Messi rekord natija ko‘rsatgan – u 5 marta bu nomga sazovor bo‘lgan.
Jyeff Gordon

O‘z karerasi davomida 515 million dollar ishladi
Gordon Nascar’dagi karerasi davomida 93 poygada g‘olib bo‘lgan, bu eng yaxshi zamonaviy va tarixdagi uchinchi natijadir. U o‘tgan yili karerasini tugatishga qaror qildi, biroq 2016 yilda Nascar ikkinchi mavsumining sakkiz poygasida jarohat olgan Deyl Ernxardtning o‘rniga trekka chiqishiga to‘g‘ri keldi. Mavsumning birinchi yarmini esa Fox telekanalining sharhlovchilar budkasida o‘tkazdi. Shuningdek Gordon Jimmi Jonson ishtirok etadigan 48-raqamli mashinaning egasi hisoblanadi.
Oskar De La Xoyya

O‘z karerasi davomida 510 million dollar ishladi
Meyvezerning Menni Pakyao bilan jangiga qadar De La Xoyyaning Floyd Meyvezer bilan to‘qnashuvi eng yuqori reytingli hisoblangan: uni ko‘rish huquqini 2,5 million kishi sotib olgan. De La Xoyya o‘shanda rekord darajadagi 52 million dollar ishlab olgan, chunki u o‘zi 2002 yilda asos solgan kompaniyasi Golden Boy Promotions nomidan ishtirok etgan hamda bellashuv promouteri bo‘lgan.
Menni Pakyao

O‘z karerasi davomida 490 million dollar ishladi
Pakyaoning 23 bellashuvi videotasmasini 18,6 million kishi tomosha qilgan. Bu telekompaniyalarga 1,2 milliard dollar olib kelgan, 2015 yildagi Meyvezer bilan bo‘lgan rekord jang ham shular jumlasidandir.
Mavzuga oid
08:17 / 01.06.2026
Elektr energiyasiga talab oshib bormoqda: dunyo reytingi taqdim etildi
08:05 / 15.05.2026
Dunyodagi eng yirik portlar reytingi e’lon qilindi
08:17 / 11.05.2026
Mis zaxiralari qaysi davlatlarda to‘plangan? Jahon reytingi
11:57 / 04.05.2026