Jamiyat | 16:35 / 18.02.2017
10684
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada muhojirlarga maosh to‘lamagan korxonaga nisbatan ish ochildi

Rossiya poytaxtida MDH mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlariga ish haqi to‘lanmaganligi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Moskva prokuraturasi saytida xabar qilinishicha, 250 nafardan ortiq ishchiga ish haqi to‘lanmay kelingani aniqlangan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, prokuraturaga «Gorizont» MChJ ustidan ish haqini to‘lamayotgani haqida 250dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ular orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlar fuqarolari bor. Korxona ularni mehnat shartnomasi tuzmasdan yollab ishlatgan. 

Prokurorlik tekshiruvi natijasida aniqlanishicha, muhojirlar mehnat qilgani, ammo ularga ish haqi to‘lanmaganini tasdiqlovchi yetarli dalillar to‘plangan. 

2016 yil avgustidan 2017 yil fevraliga qadar qarzdorlik 10 mln rublni tashkil etgan. 

Xabarlarga ko‘ra, «Gorizont» MChJga nisbatan avval ham prokurorlik tekshiruvi o‘tkazilgan. Korxona mehnat shartnomasi tuzgan ishchilariga ham ish haqi to‘lamagan. Bu boradagi qarzdorlik 8,8 mln rublni tashkil etadi, deya aniqlik kiritgan Moskva shahar prokuraturasida. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid