O‘zbekiston | 21:04 / 19.02.2017
140780
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda deputat kim: Huquq va majburiyatlar, maosh hamda imtiyozlar

O‘zbekistonda 213,1 ming kishiga bir nafar deputat to‘g‘ri keladi. Buni oddiy arifmetik yo‘l bilan aniqlash mumkin. O‘zbekiston aholisi soni (2017 yil ma'lumotiga ko‘ra 32 milliondan oshiq) Qonunchilik palatasi deputatlar soniga bo‘linsa (deputatlar soni 150 nafar), 213 ming 233 soni kelib chiqadi.

2010 yil martidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 120 nafardan 150 nafarga oshirilgandi. Qonunchilik palatasining 135 nafar deputati hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasining 15 deputati mazkur harakatning oliy organi (Konferentsiyasi) tomonidan saylanadi.

Taqqoslash uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bu borada o‘rtacha ko‘rsatkich 1 deputatga 54 ming kishi.

Jumladan, qit'aning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lmish Germaniyada Bundestagning bir deputatiga 123 ming kishi to‘g‘ri keladi. Maltada esa 6683 kishidan biri deputat.

Aholisi soni 50-80 million atrofida bo‘lgan Ispaniya, Fransiya, Polsha va Italiya kabi davlatlarda o‘rtacha ko‘rsatkich 70 mingga 1. Germaniya parlamentida (aholi soni - 80 million kishi) 667 deputat ishlaydi, Fransiyada (66 million) – 925, Buyuk Britaniyada (65 million) – 1449, Italiyada (61 million) – 952, Ispaniyada (46 million kishi) – 616 deputat ishlaydi.

O‘zbekistonda deputat kim?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, saylov kuni 25 yoshga to‘lgan hamda kamida 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Qonunchilik palatasining deputati bo‘lishi mumkin. 5 yil muddatga saylanadi.

Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.

Qonunchilik palatasi deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Qonunchilik palatasi deputatiga uning deputatlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.

Deputatning maoshi qancha?
Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda deputatning maoshi miqdori 1,5-1,7 million so‘m (50 foizi naqd to‘lanadi). Shuningdek, deputatlar bir qator imtiyozlardan foydalanadi.

Deputatning mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishi huquqi qonun bilan belgilangan. 

Deputat o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi. Faoliyati davlat siri hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bilan bog‘liq korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga deputatning kirish tartibi qonunda belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senat a'zosining maqomi to‘g‘risidagi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, deputatning mehnat huquqlari kafolatlari belgilangan.

Deputatning, senatorning tegishli palatada ishlagan vaqti umumiy ish stajiga va avvalgi ixtisosi bo‘yicha ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarning rahbarlari o‘z vakolatlarini ishlab chiqarish yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshirayotgan senatorni u o‘zining senatorlik vazifalarini bajaradigan vaqtda, uning ish joyi (lavozimi) saqlangan holda, ishdan ozod qilishlari shart. Senatorlik vazifalarini bajarayotgan vaqtda senatorning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Deputatga, senatorga har yili o‘ttiz olti ish kunidan iborat haq to‘lanadigan mehnat ta'tili beriladi, qonun hujjatlarida ko‘proq muddatli ta'til nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Har yilgi mehnat ta'tili deputatga, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining sessiyalari oralig‘idagi davrda beriladi.

Qonunchilik palatasi yoki Senat tarqatib yuborilgan taqdirda deputatga yoki Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi hamda ishga joylashish davrida qonunda belgilangan tartibda o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Deputat huquqlari
Deputat tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bo‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.

Deputat palataning organlariga saylash va saylanishga;
palata majlisida ko‘rib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
qaror loyihalari va ularga tuzatishlar kiritishga;
palata tomonidan tuziladigan organlarning shaxsiy tarkibi hamda saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari bo‘yicha fikr bildirishga;
munozaralarda ishtirok etishga, ma'ruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
so‘rov bilan murojaat etishga;
o‘z takliflarini asoslab berish uchun so‘zga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan izoh berishga;
palata majlisida raislik qiluvchiga palata majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan o‘z nutqi, taklifi yoki mulohazasi matnini topshirishga;
palata tarkibidagi o‘zi a'zo bo‘lgan tegishli organning qaroriga qo‘shilmagan taqdirda o‘z nuqtai nazarini palata majlisida bayon qilishga yoki bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasining Spikeriga, Senat Raisiga yozma ravishda ma'lum qilishga;
palataga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini palata majlislarida eshitish to‘g‘risida taklif kiritishga;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, shuningdek palata qarorlarining bajarilishini tekshirish haqida ko‘rib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlislarining stenogrammalari bilan tanishishga;
fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonun hujjatlarini buzishning boshqa hollari ma'lum bo‘lib qolgan taqdirda ularga darhol chek qo‘yish choralarini ko‘rish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli.

Deputat, qonunchilik tashabbusi huquqiga hamda Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari ishida ishtirok etish huquqiga ega.

Deputat majburiyatlari
Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlislarida, shuningdek palataning qaysi qo‘mitasi, komissiyasi tarkibiga, kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan bo‘lsa, shu qo‘mita, komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda Qonunchilik palatasining, Senatning reglamentlarida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart.
Qonunchilik palatasi, Senat, qo‘mita, komissiya, kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda deputat, senator bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasining Spikeriga, Senat Raisiga, qo‘mita, komissiya raisiga, kelishuv komissiyasining tegishli palatadan saylangan hamraisiga oldindan xabar qilishi shart.

Deputat imtiyozlari
Deputat, senator O‘zbekiston Respublikasi hududida havo, temir yo‘l, avtomobil yo‘lovchilar transportida (taksi va shahar yo‘lovchilar transporti bundan mustasno) tekin yurish huquqidan foydalanadi.

Deputat, senator aeroportlar va aerovokzallar, temir yo‘l vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalar uchun mo‘ljallangan zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.

Deputat, senator o‘z guvohnomasini ko‘rsatganidan keyin temir yo‘l vokzallari va stansiyalarining chipta sotadigan kassalari, fuqaro aviatsiyasi agentligi yoki aeroportlar unga poyezdning yotoqli yoki yumshoq o‘rindiqli vagonidan, samolyot salonidan navbatsiz joy berishlari shart. Deputat, senator palataning majlisiga borayotganda unga samolyot chiptasi parvozdan kamida ikki soat oldin, boshqa hollarda esa, kamida bir sutka oldin beriladi.

Chiptasida o‘rindiqning tartib raqami ham ko‘rsatiladigan shaharlararo; shuningdek shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda deputat, senator avtovokzallar va avtostansiyalarning kassalaridan navbatsiz olinadigan tekin chipta bilan yuradi. Qolgan barcha hollarda deputatning, senatorning yo‘lovchilar transportida yurishi (taksi va shahar yo‘lovchilar transporti bundan mustasno) deputatning, senatorning guvohnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Deputatga, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorga, agar ular Toshkent shahrida turar joyga ega bo‘lmasa, bergan arizalariga binoan vakolatlari amal qiladigan muddatga oila a'zolari bilan yashash uchun Toshkent shahrida xizmat turar joyi beriladi.

Deputat, senator o‘ziga ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq berilgan hamda o‘zi egallab turgan xizmat turar joyini deputatlik, senatorlik vakolatlari tugagan kundan e'tiboran o‘n kundan kechiktirmay bo‘shatib berishi shart. Mazkur talabning bajarilmasligi sud tartibida ko‘chirtirilishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid