Jahon | 19:11 / 21.02.2017
13153
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ishlovchi muhojirlar mamlakat kvotasi bilan haj ziyoratiga borishlari mumkin

Rossiya Muftiylar kengashi Saudiya Arabistoni hukumatidan O‘rta Osiyodan bo‘lgan mehnat muhojirlariga Rossiyaga berilgan kvota asosida haj ziyoratini qilishga ruxsat berishni so‘radi. Mamlakat kvotasi 20,5 ming o‘rindan iborat, deya xabar bermoqda RIA Novosti Rossiya Muftiylar kengashi rahbari muftiy Ravil G‘aynutdinga asosan.

Saudiya Arabistoni har bir davlat bilan bo‘lgan kelishuviga asosan mamlakatlarga ziyoratchilar soni bo‘yicha kvota ajratadi. Har bir million aholi uchun haj ziyoratiga borish imkoni ming nafar musulmonga taqdim etiladi. "Saudiya Arabistoni qirolligi Yevropa mamlakatlari uchun ma'lum bir imtiyozli sharoitlar beradi: Yevropaga kelgan, u yerda yashaydigan hamda ishlaydigan mehnat muhojirlari haj uchun vizalar oladi. Shu tariqa ular qayerda yashayotgan bo‘lsalar, o‘sha davlat ziyoratchilari bilan birgalikda ziyoratga borish huquqiga ega bo‘lishadi. Biz ham o‘z mehnat muhojirlarimizga kvotaning bir qismini berishga tayyormiz. Bu kichik qism ekaniga ishonchimiz komil. Biroq ularning bunga huquqi bor", - dedi G‘aynutdin.

Muftiyning ta'kidlashicha, muhojirlardan kvota bo‘yicha taxminan 200-400 kishi ziyoratga borishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Muftiylar kengashi Saudiya Arabistoni bu borada ijobiy qaror qabul qilishidan umidvor.

G‘aynutdinning ta'kidlashicha, gap nafaqat katta haj haqida, balki umra haqida ham bormoqda. Uni butun yil davomida amalga oshirish mumkin. Rossiya Muftiylar kengashi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojirlari Saudiya Arabistoniga aynan umra ziyoratiga borish uchun tashrif buyurishmoqchi.

Moskva shahri muftiysi Eldor Aloutdinov esa ziyoratga poytaxtda ishlovchi ko‘plab muhojirlar borishi mumkinligini aytib o‘tdi. U bu masalani juda dolzarb deb atadi – bunday iltimoslar bilan ko‘p bora chiqishgan.

"O‘zbekiston, Tojikistondan hajga borish ancha qiyin. Bu o‘ziga xos marosim bo‘lib, ancha qimmatdir", - degan Aloutdinov. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid