O‘zbekiston | 10:55 / 21.02.2017
166252
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 10 000 so‘mlik banknot chiqariladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 10000 so‘mlik banknotlarning chiqarilishi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 

Ushbu qaror 20 fevralda qabul qilingan, Senat Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan o‘n ming so‘mlik banknotning namunasi va dizaynini ma'qullagan, bankka o‘n ming so‘mlik banknotlarning muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, banknot tavsifini OAVda e'lon qilish yuklangan.

Qarorda banknot qachondan chiqarilishi haqida aniq ma'lumot yo‘q. 

Manbalarning bildirilishicha, banknot qizil rangda bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bugundan O‘zbekistonda 10 000 so‘mlik banknot muomalaga chiqarilishi haqida muhokamalar boshlandi. Foydalanuvchilar bu yangilikni ma'qullashmoqda. 

«20.000, 50.000 va 100.000 so‘mliklarniyam birato‘la chiqarvorib, hammayoqda bankomatlar o‘rnatish kerak. Faqat, yagona sharti - bankomatlarni o‘rab oladiganlarni yo‘q qilish kerak», deya fikr bildirgan tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning mart oyida O‘zbekistonda 10 ming so‘mlik kupyura muomalaga chiqarilishi haqida ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda xabarlar tarqalgan, ammo O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati ushbu xabarlarni tasdiqlamagandi.

«Kun» ma'lumoti

O‘zbekiston Markaziy banki sayti ma'lumotlariga ko‘ra, 1994 yili 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik banknotalar va 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar muomalaga kiritilgan.

1997 yil 1 martdan 200 so‘mlik banknota va 1, 5, 10 so‘mlik tangalar, 2000 yil 1 iyunda 500 so‘mlik nominaldagi, 2001 yil 1 sentabrda esa 1000 so‘mlik nominaldagi banknotalar muomalaga kiritilgan.

2005 yil 1 iyulda O‘zbekiston milliy valyutasining o‘n yilligiga bag‘ishlangan 100 so‘mlik qiymatida tanga, 2011 yil 1 sentabrda esa O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlangan 500 so‘m qiymatidagi tanga pullar muomalaga kiritilgan.

Hozirgi vaqtda eng yirik kupyura hisoblangan 5000 so‘mlik qiymatidagi banknotalar 2013 yil 1 iyulda muomalaga kiritilgan.

Bundan tashqari, 1999 yil 20 oktabrdan Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi munosabati bilan 25 so‘mlik, 2002 yil 1 noyabrdan Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlab 50 so‘mlik, 2009 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan ikki xil ko‘rinishdagi 100 so‘mlik metall tangalar muomalaga kiritilgan.

Mavzuga oid