Jahon | 00:43 / 22.02.2017
12401
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarderga megayaxtasi qaytarildi

Foto:EPA

Gibraltarda ushlab turilgan, rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoning megayaxtasi unga qaytariladigan bo‘ldi. Bu haqda Forbes nashriga biznesmen vakili ma'lum qildi.  

"Bu yoqimsiz holat yakunlandi. Yelkanli yaxta "A" egasining loyihaviy jamoasiga qaytarildi va yaqin orada Gibraltarni tark etadi", dedi vakil.

Yaqindagina suvga tushirilgan 8 palubali Sailing Yacht A yaxtasi Melnichenko uchun Germaniyaning Nobiskrug verfida qurilgan. Aynan verfning da'vosi bo‘yicha kema ushlangan. Verfning ta'kidlashicha, u yaxta egasi Valla Yachts Limited’dan qilingan ishlar uchun oxirgi 9,8 mln yevrolik to‘lovni olmagan. 

Milliarder vakilining bu holatga izoh berishicha, bunday katta ko‘lamdagi loyihalarda "ba'zida hal qilinmagan masalalar qoladi. Kompaniya 27 yanvargacha talab qilgan 9 mln yevrolik summa yaxta egasi va verf o‘rtasida davom etayotgan bahsning bir qismi bo‘lgan".  

Nobiskrug talab qilgan umumiy summa 15,3 mln yevroni tashkil qiladi, bunda asosiy qarzdan tashqari boshqa moddalar bo‘yicha 2,6 va 2,9 mln yevrolik qo‘shimcha qarz ham bor. Kema Gibraltarga yonilg‘i quyish uchun borgan.

Yaxta 8 palubadan iborat bo‘lib, uning machtalari balandligi 100 metrdan ko‘proq. Kema dizel va elektr dvigatellar hisobiga, yelkanni ishlatmasdan soatiga 20 uzel (37 km) bilan harakatlana oladi.

Mavzuga oid