Jamiyat | 15:36 / 22.02.2017
86557
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mashinada qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Foto: Sputnik

2017 yilning 17 fevral kuni Toshkent shahar Olmazor tumani IIB xodimlari tomonidan og‘ir jinoyatning oldi olindi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni soat 19-30larda mazkur tumanning Allon ko‘chasida xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari yo‘l chetida to‘xtab turgan “Matiz” avtomashinasidan yordam so‘rab baqirayotgan ayol kishining ovozini eshitib, avtomashinaning orqa o‘rindig‘ida 25-30 yoshlardagi yigit, bir qizni zo‘rlab nomusiga tegmoqchi bo‘layotganining guvohi bo‘lishdi. Qiz sho‘rlik qancha urinmasin, g‘araz niyatli shaxsning changalidan chiqolmasdi.

Ichki ishlar xodimlari qizga yordam berishga shoshilishdi. Ammo avtomashina eshiklari ichkaridan berk edi. Tezkor xodimlardan biri amallab avtomashinaning orqa eshigini ochganda, zo‘ravon unga o‘tkir tig‘li pichoq bilan tashlandi. Xodim chap qo‘lining ichki qismi kesilib, jarohatlanishiga qaramasdan, epchillik bilan jinoyatchining qo‘lini qayirib, uni qurolsizlantirdi.

Yovuz niyatli shaxs g‘araz maqsadini amalga oshira olmadi, u ichki ishlar boshqarmasiga olib kelingan. 

Kechki paytda ishdan qaytayotgan qizni qo‘rqitib, ishonch qog‘ozisiz boshqarib yurgan “Matiz” avtomashinasiga o‘tqazib, so‘ng yo‘l chetiga to‘xtab, uning nomusiga tegmoqchi bo‘lgan, 1988 yilda tug‘ilgan bu shaxs, muqaddam O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan sudlanib, amnistiya akti tufayli jazodan ozod etilgan ekan. Ammo o‘ziga ko‘rsatilgan insonparvarlikdan tegishli xulosa chiqarmay, mazkur ayanchli jinoyatga qo‘l urgan.

Xabarda aytilishicha, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 118-moddasi 1 qismi va 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid