Jahon | 18:29 / 27.02.2017
12722
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti: «Mamlakatda endilikda daxlsizlar yo‘q»

«Mamlakatda endilikda daxlsizlar yo‘q. Bu hokimiyatdagi barcha, shu jumladan sobiq hamda amaldagi rahbarlarga tegishli», - deya ma'lum qildi Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bugun, 27 fevral kuni Aprel inqilobi ishtirokchilari jamoat birlashmalari vakillari bilan uchrashuvda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, faollar alohida siyosatchilarning amalga oshirgan jinoyatlari uchun javobgarlikdan qochish bo‘yicha harakatlaridan norozi bo‘lishgan. «Ular halok bo‘lgan qahramonlar ism-shariflarini foydalanishga hech qanday huquqlari yo‘q. Bunga loyiq emaslar», - deya ta'kidlab o‘tishgan ular.

Qirg‘iziston yetakchisining bunga javoban ta'kidlashicha, jamoat birlashmalari his-tuyg‘ularini tushunadi, biroq ularni qonun ustuvorligini inobatga olishga chaqirdi. «Ishonchim komilki, huquq-tartibot organlari hammasiga oydinlik kiritishadi va qonunni buzgan barchani javobgarlikka  tortishadi. Hech qanday hokimiyatga bosim o‘tkazishning kuch uslublari ularga yordam bermaydi», - deya xulosa qilgan Atamboyev.

2010 yilning 7 aprel kuni Qirg‘izistonda «Aprel inqilobi» — qurolli davlat to‘ntarishi yuz berdi, uning natijasida prezident Qurmonbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darildi hamda Belorussiyaga yo‘l oldi.

Oxir-oqibat mamlakatda Vaqtinchalik hukumat shakllantirilib, uning tarkibidan Almazbek Atamboyev, Roza Otunboyeva, Omurbek Tekebayev, shuningdek Bakiyev rejimiga muxolifatda bo‘lgan bir qator siyosatchilar o‘rin oldi. Keyinchalik Atamboyev Qirg‘iziston prezidenti etib saylandi, Tekeboyev esa yangi qirg‘iz hukumatining asosiy tanqidchilaridan biriga aylandi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, avvalroq Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi «Ata Meken» partiyasi yetakchisi, deputat Omurbek Tekebayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Muxolifatchi korrupsiya va firibgarlikda gumon qilinmoqda. 2017 yilning 26 fevral kuni u mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olindi.

Avvalroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Roza Otunboyeva Omurbek Tekebayevning qo‘lga olinishini siyosiy quvg‘in deb atagani hamda uni darhol ozod etishga chaqirgani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid